O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI — O’zbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish, urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish va oldini olish uchun davlat tomonidan tashkil etilgan va saqlab turilgan harbiy birlashmalar, qo’shilmalar va qismlar. O’zbekiston Respublikasida Mudofaa vazirligi tizimidagi qism va bo’linmalar, ichki ishlar vazirligining ichki va qorovul qo’shinlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiylashtirilgan qismlari, chegara qo’shinlaridan tashkil topgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 31 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida”gi Bayonotida “Davlat mustaqilligini, hududiy yaxlitligini, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqi va erkinligini himoya qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasida Mudofaa ishlari vazirligi va Milliy gvardiya tuziladi. Respublika hududida joylashgan sobiq SSSR Ichki Ishlar vazirligi, SSSR Davlat xavfsizlik komiteti hamda ichki qo’shinlari O’zbekiston Respublikasi yurisdiktsiyasiga olinadi”, deb ko’rsatilgan edi. Bu 1991 yil 31 avgustda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to’g’risida”gi qonunda “O’zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, Milliy gvardiya va muqobil xizmatni tashkil etish huquqiga ega” deb huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Bu amalda yosh respublikaga harbiy siyosatni amalga oshirish huquqini berdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 6 sentyabrdagi farmoniga asosan, Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi, uning shtat tizimi va vakolatlari belgilandi. 1991 yil 10 sentyabrdagi farmonga binoan, Mudofaa vaziri ayni vaqtda Milliy gvardiya qo’mondoni etib tayinlandi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 25 oktyabrdagi qaroriga binoan, Mudofaa ishlari vazirligining huquqiy maqomi, tuzilishi va nizomlari tasdiqlandi. Turkiston harbiy okrugi boshqaruv organlari negizida Mudofaa ishlari vazirligi Bosh shtabi va boshqarmalari tuzildi. O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to’g’risida”gi Qonuni hamda 1991 yil 30 dekabrdagi mustaqil davlatlar Hamdo’stligi Kengashining Qurolli Kuchlari va chegara qo’shinlari haqidagi Minsk qarori asosida 1992 yil 1 Fevraldan sobiq Ittifoq tizimidagi qo’shinlarni mablag’ bilan ta’minlanishi to’xtatilishini inobatga olgan holda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992 yil 10 yanvarda “O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan SSSR ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari va o’quv muassasalarini O’zbekiston Respublikasi tasarrufiga olish to’g’risida”, 14 yanvarda “O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o’quv muassasalari to’g’risida” qarorlar qabul qildi. Unda O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan sobiq ittifoqqa qarashli Ichki ishlar va Mudofaa vazirligining qismlari, birlashmalari, qo’shilmalari, oliy o’quv yurtlari, harbiy tuzilmalari mamlakatning qonuniy tasarrufiga olinadi, deb belgilandi. Qaror asosida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, harbiy muassasalardagi ishchi va xizmatchilar, sobiq Ittifoq armiyasida xizmat qilgan pensionerlarga ijtimoiy va huquqiy himoyalandi. Harbiy qismlar va o’quv yurtlari, muassasalar, tashkilotlar davlat tomonidan moddiy texnika va mablag’ bilan ta’minlandi. 1992 yil 24 martda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan chegara qo’shinlari bo’linmalari haqida”gi farmoni bilan Respublika Milliy xavfsizlik Xizmati qoshida chegara qo’shinlari boshqarmasi tashkil etildi va O’rta Osiyo Chegara qo’shinlari bo’linmalari uning tasarrufiga o’tkazildi. 1992 yil 18 mayda “O’zbekiston Respublika hududida joylashgan havo desanti qo’shinlari, harbiy transport aviatsiyasi, razvedka qo’shinlari, ta’minot qismlari haqida”gi farmon bilan bu qo’shinlar respublika tasarrufiga o’tkazildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 12 noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo hujumiga qarshi harbiy qismlar haqida”gi, 13 noyabrda “O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan kimyoviy harbiy qismlar haqida”gi farmonlari bilan mamlakatimiz hududida joylashgan mazkur turlardagi qo’shinlar respublika tasarrufiga olindi va sifat jihatidan takomillashtirildi. Shu tarzda mustaqil mamlakat Qurolli kuchlarini barpo etishning tashkiliy davri yakunlandi. O’zbekiston Respublikasi o’z Qurolli kuchlarini tuzishda Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT) ning huquqiy me’yorlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo’yicha xelsinki yakunlovchi akti, MDH kollektiv xavfsizlik shartnomasi kabi xalqaro hujjatlarning barcha talablariga rioya qildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 3 iyuldagi farmoniga muvofiq, Mudofaa ishlari vazirligi Mudofaa vazirligiga aylantirildi. O’zbekiston Respublikasining “Mudofaa to’g’risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida” hamda “Muqobil xizmat to’g’risida”gi qonunlari qabul qilindi. 1993 yilning 22 noyabrda “O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismining jangovar bayrog’i to’g’risida”gi Prezident farmoni imzolanib, Qurolli kuchlar jangovar bayrog’ining yagona namunasi belgilandi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 29 dekabrdagi O’zbekiston Respublikasining “Vatan himoyachilari kunini belgilash to’g’risida”gi qonuniga binoan, 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni, deb e’lon qilindi. 1995 yil avgustda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi harbiy doktrinasi mamlakatning harbiy sohadagi siyosatini belgilab berdi. Mintaqadagi harbiy siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan hodda 2000 yil 3 Fevral kuni uzrning Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarini barpo etishning tashkiliy davri yakunlangach, oldindagi vazifa uni zamon talablari asosida isloh qilishdan iborat bo’ldi. Bunda avvalo qo’shinlar qo’llanishning strategik va taktik jihatidan kelib chiqib, Qurolli kuchlar tuzilishi asosi O’zbekiston Respublikasini himoya qila oladigan qo’shinlar va maxsus qo’shinlarni tuzishga qaratildi. Bular: quruqlikdagi qo’shinlar; harbiy havo kuchlari va harbiy havo hujumidan mudofaa qo’shinlari; maxsus va muhandislik-quruvchilik qo’shinlari; Ichki ishlar vazirligining ichki va qorovul qo’shinlari; Milliy xavfsizlik xizmatining harbiylashtirilgan qismlari va chegara qo’shinlari. Quruqlikdagi qo’shinlar tarkibiga motoo’qchi, tankchi va artilleriya qo’shilmalar va qismlaridan, havo desanti, hujumchi desant, havo hujumidan mudofaa bo’linmalari, tez harakat qiluvchi kuchlar qismlari, ta’minot qismlari va bo’linmalari kiradi. Harbiy-havo kuchlari Qurolli kuchlarning eng yuqori manyovrlangan qo’shin turlaridan biri hisoblanadi. Maxsus qo’shinlar jangovar harakatlarni operativ ta’minlash masalalarini hal etish uchun mo’ljallangan. Qo’shinlarning harakati va manyovri uchun yo’llarni tayyorlashda muhandislik bo’linmalarining tutgan o’rni alohida. Bu bo’linmalar g’ildirakli va Zanjirlik asoslardagi yo’lyotqizgich, minalardan tozalovchi muhandislik mashinalari, ko’prik quruvchilar hamda o’ziyurar mexanizatsiyalashgan ko’priklar kabi maxsus texnika turlari bilan ta’minlangan. Qo’shinlarning muvaffaqiyati ko’p jihatdan harbiy aloqa qo’shinlariga bog’liq. Ular qo’shinlar va qurollarni boshqarish tizimida axborotlarni almashtirish xizmatini bajaradilar. Aloqa qo’shinlari simli aloqa, radioaloqa, maxfiylashtirilgan aloqa vositalaridan foydalangan holda harbiy harakatlarning borishiga ta’sir o’tkazadilar. Muhandislikquruvchilik qo’shinlari Qurolli kuchlar infratuzilmasi taraqqiyotini ta’minlash va davlat strategik iqtisodiy dasturini bajarishga hissa qo’shib kelmoqda. Urush sharoitida mazkur qo’shinlarga mudofaa binolarini, kommunikatsiya qurilishlari va qutqaruv-avariya ishlarini bajarish yuklatilgan. O’zbekiston Respublikasi chegara qo’shinlari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 24 martidagi farmoniga ko’ra tuzildi. Chegara qo’shinlariga O’zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini, uning suverenitetini himoya qilish vazifasi qo’yilgan. Ichki ishlar qo’shinlarining maxsus bo’linmalari muhim davlat ob’yektlarini qo’riqlash, maxsus harbiy operasiyalarda qatnashish, terrorchilarga qarshi kurash kabi vazifalarni bajaradi. Urush holatida O’zbekiston Qurolli Kuchlari o’z vazifalarini O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati qo’mitasi va ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshiradi. Ularning birgalikdagi harakatini muvofiqlashtirish uchun 2000 yilda Mudofaa vazirligida O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Birlashgan shtabi tuzildi. Qurolli kuchlarga Oliy boshqaruvni Prezident amalga oshiradi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq, Prezident Respublika Qurolli kuchlarining Oliy Bosh qo’mondoni hisoblanadi. Qurolli kuchlarning tashkiliy davrida Qurolli kuchlar tashkiliy shtat tuzilishi takomillashtirildi va unga muvofiq harbiy qismlar, muassasalar va harbiy o’quv yurtlari isloh qilindi; harbiy bilim yurtlari tarmoqlarini kengaytirish va Qurolli kuchlar akademiyasini barpo etish hisobiga milliy kadrlar tayyorlashning mukammal tizimi yaratildi; Qurolli kuchlar vazifalariga binoan, harbiy xizmatchilar barcha toifasining ta’lim jarayoni yaxshilandi; mintaqadagi geostrategik vaziyat va harbiy-siyosiy holat hisobga olinib, qo’shinlarni joylashtirish tizimi takomillashtirildi. Bu — davlat chegaralarini hamda xalqimiz manfaatlarini ishonchli himoya qilish imkonini yaratdi; zamon talabiga javob bera oladigan qo’shinlarni barqaror boshqarish tizimi barpo etildi; harbiy xizmatni tashkil etishning infratuzilmasi yaratildi; O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida”, “Mudofaa to’g’risida” qonunlari, 1996 yilda Umumharbiy nizomlar qabul qilinishi bilan Qurolli Kuchlarimiz huquqiy bazasi yaratildi. Oliy Majlisning 1chaqiriq 14-sessiyasida Qurolli kuchlarni, chegara va ichki qo’shinlarni yagona davlat siyosati asosida bosqichma-bosqich chuqur isloh etish masalalariga qaratildi. Qurolli Kuchlarni isloh qilishda jahon va davlatimiz harbiy yutuqlari, harbiy qurilishning ilg’or tajribalari va fanidan foydalanildi. Jangovar vazifalarni hal qilishning yanada samarali imkoniyatlarini izlash borasida faol ish olib borildi. Bunda, albatta, ekstremizm va xalqaro terrorizm faoliyatining faollashuvi kabi yangi omillarga qarshi kurash ham nazarda tutildi. Islohot shaxsiy tarkibni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashni, ularning professional tayyorgarligini va qayta tayyorlashni tashkil etishning butun tizimini qaytadan ko’rib chiqishni ko’zda tutadi. U jangchilarda Vatanga muhabbat va sadoqatni, yuksak ma’naviy fazilatlar va mustahkam irodani tarbiyalashga, Professionalizmni, a’lo jangovar tayyorgarlikni ta’minlashga yo’naltirilgan. O’zbekiston Qurolli kuchlari tizimida olib borilgan islohotlar, davlat mudofaasini tashkil etish borasida to’plangan tajribalar asosida O’zbekiston Respublikasining “Mudofaa to’g’risida”gi qonuni Oliy Majlisning 2-chaqiriq 5-sessiyasida 2001 yil 11 mayda yangi tahrirda tasdiqlandi. Qonun davlat mudofaasining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-huquqiy tadbirlar majmuidan iboratligini nazarga olgan holda mudofaa masalasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Mudofaa vazirligi, Qurolli kuchlar Birlashgan shtabi, harbiy okruglar, vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarning o’z-o’zini boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda mamlakat fuqarolarining davlat mudofaasini ta’minlashdagi vakolatlarini belgilab berdi. Mudofaa va Qurolli kuchlarga rahbarlikni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti — Respublika Qurolli kuchlarining Oliy Bosh qo’mondoni amalga oshiradi. Urush sharoitida O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri bir paytning o’zida Qurolli kuchlar Oliy Bosh qo’mondonining o’rinbosari hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining Konstitupiyasida belgilangan tartibga ko’ra, Respublika Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo’mondoni O’zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir- birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug’ilganda urush holati, umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qiladi hamda O’zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi; Qurolli kuchlarning oliy qo’mondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlarni beradi. O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o’z tasarrufidagi qo’shinlarga boshqaruvni amalga oshiradi, mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi davlat siyosati yuritilishini, O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo’shinlarining zamonaviy qurolyarog’lar, harbiy texnika va moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishini, harbiy hamkorlik kengaytirilishini, chaqiruvning va Qurolli kuchlar kadrlari tayyorlashning tashkil etilishini ta’minlaydi. Qo’shinlarni operativ boshqaruvini tashkil etish maqsadida harbiy okruglar tashkil etildi. Harbiy okrug bu — operasion yo’nalishlarda O’zbekiston Respublikasining xavfsizligini ta’minlovchi asosiy harbiy-ma’muriy birlik hamda umumqo’shin tezkor-strategik hududiy birlashmasidir. Harbiy okruglar tashkil etilishi bilan qo’shinlar va qismlarni qayta joylashtirish amalga oshirildi. Bu ularni eng muhim strategik yo’nalishlarda jamlashga, hududiy mudofaaning haqiqiy tizimini shakllantirishga imkon berdi. Bugungi kunda har bir harbiy okrug, yirik qismlar o’z o’quv poligonlariga ega va ularda harbiy texnikani boshqarish ko’nikmalarini hosil qilish, jangovar qurollardan otish, artilleriya, havo janggi tayyorgarligi, vzvod, batalon, qism tarkibida taktik o’quv mashg’ulotlarini o’tkazish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Harbiy islohotlar strategiyasi asosida son jihatidan uncha katta bo’lmagan, zamonaviy qurol-yarog’ va texnika bilan qurollangan armiyani, jangovar harakatlar olib borishning eng samarali usullarini egallagan va har qanday bosqinchi kuchlarga qarshi turishga hamda zarba berishga qodir bo’lgan tezkor, har tomonlama o’ziga suyangan va ta’minlangan qismlarni tuzish asoslari yaratildi. Bugungi kunda mamlakatimizda mudofaa vazirligining Toshkent umumqo’shin komandirlari, Samarqand Avtomobilchi komandirmuhandislar, Chirchiq tankchi komandirmuhandislar, Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurtlari, Toshkent axborot texnologiyalar universitetining maxsus aloqa FTI, ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurti, yong’in xavfsizligi oliy texnika maktabida Qurolli kuchlar saflariga turli mutaxassisliklar bo’yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 1995 yil 2 sentyabrda O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasi ochildi. Harbiy kasbni tanlovchi yoshlar uchun Toshkent, Samarqand, Urganch va Farg’ona shahrilarida harbiy mutaxassisliklarga yo’naltirilgan liseylar faoliyat ko’rsatmoqda. Harbiy litsey tinglovchilari 2 yil mobaynida harbiy ko’nikma to’plab, o’zlari tanlagan qo’shin turlari bo’yicha oliy harbiy bilim yurtiga yo’l oladilar. Ad.: Karimov I., Milliy armiyamiz — mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir, T., 2003; Vatan himoyasi — muqaddas burch. T., 2001; armiya — davlat tayanchi va tinchlik kafolati, T., 2005. Islom Inoyatov.