BEKOBOD TUMANI
BEKOBOD TUMANI — Toshkent viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Sirdaryo viloyati Yangiyer tumaniga qo’shib yuborilgan, 1963 yil 17 aprelda qayta tuzilgan). Shimolda Toshkent viloyatining Bo’ka tumani, g’arbda Sirdaryo viloyati, Sharq va Janubda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,76 ming kilometr kvadrat. Aholisi 127,7 ming kishi (2000). Bekobod tumanida 1 shaharcha (Zafar) va 12 qishloq kengashi (Bahoriston, Bekobod, Guliston, Dalvarzin, Jumabozor, Madaniyat, Mehnatobod, Oxunboboyev, Pushkin, chanoq, yangi hayot, Qiyot) bor. Markazi—Zafar shaharchasi. Tabiati. Tuman xududi Dalvarzin cho’li va qisman Mirzacho’lda joylashgan. Eng sharqida yer yuzasi bir oz o’rqir. Tumanning adir qismida jar ko’p. Tuman hududi Sirdaryo tomon qiya. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2,5°, iyulniki 28,5°. Yiliga 227 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Tumanning Janubda shamol ko’p bo’ladi. Janubi sharqdan shimoli sharqqa tomon Sirdaryo oqib o’tadi. Sirdaryo sohilida qoldiq ko’llar (Qolgansir, katta Qolgansir, Yangiko’l, Haybatko’l, Qozon, Sho’rko’l) bor. Dalvarzin (o’ng va so’l tarmoqlari bilan), Jivali, o’rtoqli, Do’stlik kanallari va Xasyoz arig’i oqib o’tadi. Tuprog’i o’tloqi va o’tloqi-botqoq, oqish bo’z tuproq. Botqoq, sho’r bosgan va eroziyaga uchragan erlar ham bor. Bekobod tumanida miya, yantoq, qamish, ko’g’a, yulg’un, qiyoq kabi o’simliklar o’sadi. Chiyabo’ri, to’qay mushugi, bo’rsiq, qo’shoyoq, ko’rsichqon, kaltakesak va ilonlar, qushlardan o’rdak, loyxo’rak, qirg’ovul, so’fito’rg’ay, chumchuq va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek tatar, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 160 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 8,1 ming kishi, qishloq aholisi 119,6 ming kishi (2000). Xo’jaligi. Tuman hududida Farhod GES, Sirdaryo GRES, Dalvarzin paxta tozalash zavodi, kanop tayyorlash punkti joylashgan. Qishloq xo’jaligida paxtachilik yetakchi o’rinda. Bog’dorchilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik bilan shug’ullaniladi. Tumanda 2 qo’shma korxona, 26 kichik korxona va 2 kooperativ korxona mavjud. Bulardan eng muhimlari: “Niyoz”, “Yulduz”, “M. Yo’lchiyev”, “Feruza” va boshqalar. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 37,9 ming gektar, shu jumladan 19 ming gektar yerga paxta, 300 gektar yerga sabzavot, 4,2 ming gektar yerga sholi ekiladi. Adirlarda bahori va kuzgi arpa, bug’doy, sug’oriladigan erlarda sholi ekiladi. Bekobod tumanida 12 jamoa xo’jaligi, 1 xo’jaliklararo korxona, 2 shirkat xo’jaligi, 330 fermer xo’jaligi va boshqa xo’jaliklar bor (2000). Chorvachilik bilan ham shug’ullaniladi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 34486 qoramol, 14712 qo’y va echki, 179600 parranda bor (2000). Tumanning Janubdan Farg’ona vodiysiga boradigan temir yo’l, Toshkent— Bo’ka—Bekobod avtomobil yo’li o’tgan. 1999/2000 o’quv yilida 62 umumiy ta’lim maktabida 31,5 ming o’quvchi ta’lim oldi. 50 ommaviy kutubxona, 18 klub, 10 kinoqurilma, 26 madaniyat uyi, 435 o’rinli 3 kasalxona va dispanser, 27 tibbiyot punkti bo’lib, ularda 191 vrach, 1201 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1931 yildan “Bekobod ovozi” tuman gazetasi chiqadi (adadi 1200).