BEKTOSHIYA

BEKTOSHIYA — Turkiyada tarqalgan sufiylik tariqati. Kichik Osiyoda 13-asr oxiri — 14-asr boshida mahalliy turk ko’chmanchi va o’troq aholisi orasida paydo bo’lgan. Tariqatning nomi yarim afsonaviy Hoji Bektosh Rumiydan boshlanadi. Bektoshiya tariqatining haqiqiy asoschisi daydi va’zxon va qalandar Hoji Bektosh Vali Nishopuri Xurosoniy (1208 — 1270) hisoblanadi. Uning silsilasi esa turkistonlik Shayx Ahmad Yassaviyga, undan esa shia imomi Muso al-kozimga taqaladi. Bektoshiya a’zolari shialardek Hazrati Ali va 12 imomga sig’inadilar, ayniqsa 6-Imom Ja’far as-Sodiqqa e’tiqod qiladilar. Hoji Bektosh Kichik Osiyoda tez shuhrat qozongan. Bu tariqat ko’proq qishloq aholisi orasida qo’llab-quvvatlandi. Vaqti kelib Bektoshiya keng tarmoq yoygan tashkilotga aylandi, o’zining belgisi va maxsus kiyimiga ega bo’ldi. Bektoshiya tariqatining qatiy uyushgan jamoaga aylanishida “Ulug’pir” balim Sultonning (1516 yil vafot etgan) ta’siri kattadir. Ilmiy adabiyotda uni “Ikkinchi pir” (Piri soniy) deb atashadi. Balim Sulton o’zini Hoji Bektosh Rumiyning avlodi deb e’lon qilgan va tariqat tuzilishiga aloqador bir qator islohotlarni amalga oshirgan. Bektoshiya ayni balim Sulton zamonida keng tarqaldi. Yanicharlar (Turkiyadagi imtiyozli piyoda askarlar) orasida yoyilib, ular orqali davlat ishlariga o’z ta’sirini kuchaytirdi. 1826 yilda Sulton Mahmud II yanicharlar korpusini tugatgach, Bektoshiya faoliyati taqiqlanadi. Uning yirik rahnamolari qatl etildi. Bektoshiya tarafdorlari esa Bolqonga va Albaniyaga tarqalib ketdi. Lekin hozir ham Bektoshiya tarafdorlarini Turkiya va Iroqda uchratish mumkin. Bektoshiya turk xalqining diniy dunyoqarashi shakllanishiga jiddiy ta’sir qilibgina qolmay, uning madaniyati, musiqasi va ayniqsa adabiyotining ham rivojlanishiga katta hissa qo’shgan. Mahmudxo’ja Nuritdinov.