BELGRAD

BELGRAD (Serbcha beograd) — Yugoslaviya va Serbiya poytaxti. Sava daryosi Dunayga quyiladigan yerdagi yirik port, dengiz satxidan 110 metr balandlikda. Belgrad G’arbiy Yevropadan Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlariga boriladigan yo’llar ustida. Iqlimi mo”tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0′ dan 2° gacha, iyulniki 22,2°. Yiliga 634 millimetr yog’in tushadi. Aholisi 1,8 million kishi (1995). Maydoni 600 kilometr kvadrat. Belgrad to’g’risidagi dastlabki tarixiy ma’lumot miloddan avvalgi 4 — 3-asrlarga tegishli, uni keltlar Singidunum deb atashgan. Shahar qulay geografik o’ringa ega bo’lganligi sababli u o’tmishda juda kup marta qo’ldan-qo’lga o’tib kelgan. Miloddan avvalgi 33 yildan boshlab u deyarli yetti asr davomida Rim imperiyasi tasarrufida bo’lib kelgan. 9-asrdan Belgrad Serbcha beograd (“Oq shahar”) nomi bilan ma’lum; 11-asrdan Makedoniya Podshohligi, so’ngra Vizantiya imperiyasi tarkibida. 12 — 14-asrlardan Belgrad goh Vengriya, goh Vizantiya tasarrufida, 15-asrdan u yana serblarga o’tib turdi. 1521 yildan shahar turklar — Usmonlilar saltanati qo’l ostida bo’lgan va “Dorul Al-shahad”, ya’ni “Qutlug’ urush shahri” deb atalgan. 1806 yil Serbiya knyazligining poytaxtiga aylandi. 1813 — 67 yillarda yana Turkiya tarkibida, 1-jahon urushi yillarida Avstriya qo’li ostida bo’ldi. Urushdan so’ng (1918 y.dan) Serb, xorvat va slovenlar qirolligi (1929 yildan Yugoslaviya) ning poytaxti, 2-jahon urushi arafasida Yevropaning yirik sanoat va madaniyat markazlaridan biri. Belgrad 1944 yil 20 oktabrda nemis fashistlaridan ozod qilingan. 1945 yildan YUXFR, 1963-92 yillarda YuSFR poytaxti. Belgrad Serbiyaning eng yirik iqtisodiy markazi, muhim transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Belgrad va uning atrofida ko’plab sanoat korxonasi, jumladan metallsozlik, mashinasozlik (transport va qishloq xo’jalik mashinasozligi, elektrotexnika va motorsozlik), kimyo, to’qimachilik (asosan jun gazlama), oynasozlik va yog’ochsozlik, oziq-ovqat (un tortish, go’sht konserva, shakarkdnr), poligrafiya sanoati va boshqalar bor. An’anaviy hunarmandchilik va kosibchilik rivojlangan. Belgrad sanoat korxonalari asosan Dunay daryosining o’ng sohilida va shahar atrofida joylashgan. Belgradning tarixiy qismida qadimgi yodgorliklardan o’rta asr Kalemagdan qal’asi qoldiqlari, bayroqli Jomiya masjidi va Shayx Mustafo maqbarasi (1690), Dositey Obradovich liseyi (18-asr o’rtalari), Knyaz Lyubitsi uyi (1829 — 36) va boshqalar saqlangan. 1892 yilda Serbiya Fanlar akademiyasi, 1905 yilda universitet tashkil etilgan. Belgradning Markaziy qismida 19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida qurilgan binolardan Xalq teatri, eski saroy, Terazie maydoni ansambli va boshqalar mavjud. Belgradda Xalq muzeyi (tarix, arxeologiya, etnografiya yodgorliklari, Yugoslaviya va chet mamlakatlar san’ati namunalari), zamonaviy san’at muzeyi, Shaxar muzeyi, amaliy san’at muzeyi, Etnografiya muzeyi, Belgrad shahri rasmlar galereyasi, hayvonot bog’i bor. 1950 — 80-yillarda ko’plab zamonaviy uy-joylar (Yangi Belgrad rayoni) qurilgan.