BERUNIY TUMANI
BERUNIY TUMANI — Qoraqalpog’iston Respublikasiydagi tuman. 1927 yil 3 iyulda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda To’rtko’l tumaniga qo’shib yuborilgan, 1964 yil 31 dekabrda qayta tuzilgan). Beruniy tumani O’zbekiston Respublikasining shimoli g’arbida, Amudaryoning o’ng sohilida, Beruniy tumani shimoli Sharqda Ellikqal’a tumani, g’arbda Amudaryo tumani, shimoli g’arbda Qorao’zak va Taxtako’pir tumanlari va Janubda Xorazm viloyati va Janubi Sharqda Buxoro viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 3,94 ming kilometr kvadrat. Aholisi 94,7 ming kishi (2000). Beruniy tumanida 1 shahar (Beruniy) va 11 ovul fuqarolari yig’ini (Beruniy, Biybozor, Do’stlik, Navoiy, Ozod, Oltinsoy, Sarkop, Tinchlik, Shabboz, Shimom, Qizilqal’a) bor. Markazi—Beruniy shahri. Tabiati. Beruniy tumanining shimolida qizilqum cho’li, g’arbida Baday to’qayzori va Sulton Uvays tog’i bor. Yanv.ning o’rtacha temperaturasi -15°, -20°, iyulniki 28°. Yiliga 100-200 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 200-220 kun. Tuman Janubdan Amudaryo oqib o’tadi. Tumanda Oqchako’l, Amirobod ko’llari bor. Paxtaarna kanalining davomi bo’lgan Bo’zyop kanali mavjud. Amudaryodan Qozoqyop, Beshtom, Nayman kanallari chiqarilgan. Nayman kanalidan Qattiqoqar, Sovqumyorgan ariqlari suv oladi. Tumanda Nayman— Beshtom nasos stansiyasi ishlab turibdi. Tuproqlari sho’rxok, qumloq, bo’z tuproq. Chiyabo’ri, bo’rsiq, qobon, quyon, toshbaqa, parrandalardan qirg’ovul va boshqalar yashaydi. Tuman hududida Badayto’qay davlat qo’riqxonasi joylashgan. Aholisi, asosan. o’zbeklar; qoraqalpoq, qozoq, turkman, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 27,5 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 50,9 ming kishi, qishloq aholisi 43,8 ming kishi (2000). Xo’jaligi. Beruniy tumani iqtisodiyoti negizini paxtachilik tashkil qiladi, shu sababli tuman sanoati ham paxta xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Paxta tozalash, yog’ zavodlari, temirbeton, g’isht va asfalt zavodlari bor. Chorvachilik, ipakchilik, bog’dorchilik, polizchilik ham rivojlangan. Tumanda 54 kichik korxona va 27 kooperativ korxona, 15 aktsiyadorlik jamiyati, 47 firma, 33 xususiy korxona mavjud (2000). Bulardan eng muhimlari: paxta tozalash zavodi, “Temur” xususiy korxonasi, 28-avtokorxona, “Yog’gar” aktsiyadorlik jamiyati va boshqalar. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 31,5 ming gektar, shu jumladan 15,2 ming gektar yerga paxta, 0,8 ming gektar yerga sabzavot, 3,0 ming gektar yerga beda, 0,8 ming gektar yerga makkajo’xori, 1,0 ming gektar yerga sholi ekiladi. Beruniy tumanida 2 jamoa xo’jaligi, 11 dehqon fermer xo’jaligi uyushmasi, 27 kooperativ xo’jaligi, 200 gektar yaqin fermer xo’jaligi, 2 ijara xo’jaligi, 1 xo’jalik hisobidagi uchastka bor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 46,3 ming qoramol, 41,3 ming qo’y va echki, 163,7 ming parranda, 0,5 ming ot boqiladi (2000). Tuman transportida To’rtko’l— Nukus avtomobil yo’li asosiy rol o’ynaydi. Amudaryoda kemada yuk tashish ham salmoqli o’rin tutadi. 1999/2000 o’quv yilida 57 umumiy ta’lim maktabida 23393 o’quvchi, 2 litseyda 1330 o’quvchi ta’lim oldi. 36 ommaviy kutubxona, 5 madaniyat uyi, muzey, 850 o’rinli 9 kasalxona va dispanser, 57 tibbiyot punkti bo’lib, ularda 354 vrach, 1607 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishladi (2000). 1946 yildan “Xalq minbari” tuman gazetasi chikadi (adadi 3100).