Qo’qon shahri haqida eshitganmisiz?

Qo’qon shahri haqida eshitganmisiz? – Farg’ona oblastida. Qo’qon O’zbekistondagi ko’hna shaharlardan biri. Shahar haqidagi dastlabki yozma ma’lumotlar X asrga taalluqlidir. XIII asrda qadimgi Qo’qon yemirilgan bo’lsa kerak, chunki Sulton Bobir (XV asr oxiri XVI asr boshlari) Qo’qonni shahar emas, Qo’qon viloyati, Xo’qon o’rchini sifatida ta’riflaydi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda hozirgi Qo’qon 1732 yilda tashkil topgan va 1740 yildan boshlab Qo’qon deb yuritila boshlagan. Qo’qon toponimi yozma manbalarda Huoqand, Huqand, Ho’qand shaklida tilga olinadi. Toponimning kelib chiqishi haqida har xil fikrlar bor. “Uning Xo’qand deb aytilishiga sabab shuki, Chodak xo’jalari bu yerga kelganida, o’ydim-chuqur yerlarni ko’rgan va bu yerlar nega shundayligini so’raganlar. Shunda a’yonlar “Xo’kkand”, ya’ni cho’chqalar kovlagan deb javob berishgan. H.Hasanov Qo’qon asli Xukand bo’lib, “Shamol shahri, Sershamol shahar”deb izohlaydi. Haqiqatan ham toponimning ikkinchi komponenti “Qand” (qishloq, shahar)dir. Uning tarkibidagi d tovushi tushishi o’zbek tili uchun xos xususiyat (ya’ni so’z oxirida qo’sh undoshdan biri tushadi. Nomning birinchi qismi qo’ yoki xu bizningcha qo’h “tog’” so’zining fonetik o’zgargan formasidir. Qo’h so’zidagi h bo’g’iz tovushi pozitsiyasi jihatdan o’zbek tilida mustahkam ems. U ko’pincha tushib qoladi. Qiyos qiling: Shoxobod, Shovot, Quyi tang yoki Ko’hitang kabi. Demak, toponim oldin Qo’hqand bo’lgan, keyinchalik Ko’: qand>Qo’qan; sekin-asta so’z o’zining ilk ma’nosini yo’qota borgan. Ayniqsa shahar vayron bo’lgach, xalq uning nomini deyarli unutgan. Natijada turli afsonalar paydo bo’lgan. Nom esa shu afsonalarga mos ravishda talaffuz qilingan. Shunday qilib Qo’qon asli Quhqand bo’lib, “tog’ shahri” degan ma’noni bildirgan.

Leave a Reply