BIBIXONIM JOME MASJIDI

BIBIXONIM JOME MASJIDI – Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (1399-1404). Amir Temurning katta xotini Bibixonim (asli Saroymulk xonim) nomi bilan bog’liq. Amir Temur farmoni bilan qurilgan. Masjidni qurgan usta va me’morlarning nomlari noma’lum. Masjid hovlisining sahni 63,8×76,0 metr bo’lib, to’rt tomondan ravoq va peshtoqlar bilan o’ralgan. Uning umumiy sahni 167×109 metr, burchaklarida baland minoralar bo’lgan. Zilzilalar ta’sirida astasekin yemirilib vayron bo’lgan, faqat shimoliy g’arbiy minoraning pastki qismigina saqlanib qolgan, balandligi 18,2 metr. Poydevori xarsang toshdan, devorlari pishiq g’ishtdan ishlangan (qalinligi 4,5 metr). Masjidning bir-biri bilan bog’langan 6 ta me’moriy bo’laklari saqlanib qolgan. Bular hovlining to’rida mehrobli va baland peshtoqli bino, ikki yonida uning kichik nusxasi, poyida masjidning ikkiga bo’lingan peshtoqi va shim.G’arb tomonda minoradir. Ilgari bu bo’laklar 3 qator oq marmar ustunli, engil ravoqli bostirma ayvonlar bilan birlashgan va ular tepasida gumbazchalar (400 ta) bo’lgan. Ustunlar 480 ta (oralig’i 3,5 metr) bo’lib, tagkursili, tanasi o’yma naqsh, tepasi kalla muqarnaslar bilan bezalgan (ular tuproq ostiga ko’milib ketgan, arxeologik qidiruv ishlari natijasida ustunlar, tagkursilar va mayda kosachalardan iborat muqarnasli ustun qoshi topilgan). Hovlining har ikki yonida tashqi darvozaga ega bulgan turtta peshtoqli darvozaxonasi bor. Masjidning hovli sahniga marmar toshtaxtachalar yotqizilgan. Hovli o’rtasida marmar toshdan yasalgan ulkan lavh (Qur’on o’qiladigan maxsus kursi) bo’lib, u dastlab asosiy bino ichida turgan (1875 yilda katta gumbazning qulashidan xavflanib, hovli o’rtasiga chiqarib qo’yilgan). Atrofiga nafis hoshiyalar chizilgan, muqarnaslar, o’simliksimon nakshlar va yozuvlar bilan bezalgan lavh Amir Temurning nabirasi Ulug’bek farmoniga binoan 15-asr o’rtalarida yasalgan. Unga “sultoni Azim, oliy himmatli xoqon, din-diyonat homiysi, Xanafiya mazhabining posboni, aslzoda Sulton, ibni Sulton, amiri mo”minin Ulug’bek Ko’ragon”, deb bitilgan. Masjidga kiraverishdagi peshtoqning yuqori qismi 1897 yilgi zilzila paytida qulagan (qolgan qismining balandligi 33 metr, kengligi 46 metr). Peshtoq mahobatli bo’lib, o’rtasida kengligi 18,8 metrli ravoq bor. Yon tomonlaridagi minoralar peshtoqdan baland. Peshtoqning ichki tomonida kichikroq (ikkinchi) ravoq o’rnashgan. Unda o’yma marmar hoshiyali darvoza bo’lgan. Uning ustidagi lavhada masjidning qurilgan yili va Amir Temur shajarasi yozilgan (1897 yilgi zilzilada katta peshtoq ravog’i qulab tushgan). Qo’sh tabaqali darvoza yetti xil metall qotishmasi— “Hafti jush”dan yasalgan (keyinchalik yo’qolib ketgan). Peshtoqning yon qanotlarida ikkita aylanma zina bo’lgan. Zinadan yuqoriga—kungura ravoqli maydonchaga chiqilib, undan minoraga o’tilgan. Peshtoqning keng yuzasi jilvali koshinlar, rangbarang, qalqon shaklidagi naqshlar bilan bezatilgan (hozir peshtoqning koshinlari tushib ketgan. Peshtoqning saqlanib qolgan qismi yorilib, devordan ajralib qolgan). Masjidning asosiy (mehrobli) binosi Amir Temur zamonasining me’moriy uslublari haqida to’liq tasavvur beradi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Agar osmon gumbazi bo’lmaganda masjid gumbazi olamda yagona bo’lar edi”, degan mubolag’asi bejiz emas. Asosiy binoning old tomonida peshtoq, markazida ravoq va burchaklarida ikkita ko’p qirrali minora bor. Peshtoq orqasidagi xona oddiy, ammo salobatli handasiy shakllar yig’indisi (kubsimon prizma, xonaning sakkiz qirrali qismi ustiga tushgan poygumbaz va gumbaz)dan iborat. Kubsimon prizma binoning asosiy hajmi bo’lib, tomonlari 14,6 metrga teng. Uning ustida xona devorlari bo’ylab o’tuvchi ravoqlardan iborat 8 qirrali prizma bor. Gumbazning doirali asosiga poygumbaz tutashtirilgan. Poygumbaz sirtiga Qur’on oyatlari bitilib, usti Feruza koshinlar bilan pardozlangan gumbaz bilan berkitilgan (qoldig’i ko’rinib turibdi). Uning kirish tomonlari ham bosh peshtoq kabi rang-barang koshinlar bilan qoplangan, sopol g’ishtchalar yotiq, sirlangan rangli g’ishtchalar tik terilgan. Asosiy naqsh shakllari tiniq, lojuvard g’ishtchalardan terilib, ularning oralig’i zangori g’ishtchalar, oq toshlar bilan to’ldirilgan. Oddiy handasiy shakllar va pechak kabi chirmashib ketgan yozuvlar bino bezagining tarkibiy qismini tashkil etadi. Mehrobli binoning baland minoralari sathi 4 burchakli kichik namoyonlarga bo’lingan. Handasiy shakl va islimiy naqshlar (turli ranglarda) namoyonlarni bezagan. Ular koshinkorlik uslubida ishlangan. Peshtoq devorining yuzasi kesma koshin bilan qoplangan. Koshinkor bezakning har bir bo’lagi, gullarning o’zaklari, kosachalari, poyalari, gunchalari va barglari maxsus zaminkoshinlar parchasidan alohida kesib olingan, sopolchalar oraliq qoldirmay bir-biriga mos joylashtirilgan. Bu koshinlar (ayniqsa ko’k ranglilari) tiniq shisha kabi yaltirab turadi. Masjid yonidagi ikki kichik bino mehrobli xonaning asosan kichik hajmdagi takrori bo’lsada, nakshlarning soddaligi va gumbazning kungiradorligi bilan farqlanadi. Masjidning ichki qismini pardozlashda naqqoshlik bezaklari qatorida zarhal bo’rtma naqshlardan keng foydalanilgan. Masjiddagi ko’p qirrali yulduzlar, 3 qavatli xatlar o’yilgan lavhalar jajji muqarnaslar bilan bezalgan, hoshiyalar oq toshdan yo’nilgan. Tarixnavis Ibn Arabshohning shahodat berishicha, Jome masjidi mahobatidan hayratga kelgan zamondoshlari “obidalarimiz avlodlarga bizning kimligimizdan darak beradi”, deb g’urur bilan jar solishgan ekan. 1868 yilda podsho Rossiyasi qo’shinlari Samarqandni qamal qilganda Bibixonim jome masjidi to’p o’qidan vayron bo’lgan. Vayrona holda bo’lsa ham masjidning me’moriy shakllari serhashamligi, bezaklarining nafisligi bilan kishi diqqatini jalb qilib kelgan. Undagi rang-barang naqshlarda o’sha davr xalq ustalarining nozik didi va yuksak mahoratidan darak beradi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng O’zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan o’tmishimizning boshqa me’moriy yodgorliklari qatori Bibixonim jome masjidini tiklashga alohida e’tibor berildi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash” haqidagi qarori (1994 yil 29 dekabr)ga binoan me’moriy majmuada ta’mir ishlari olib borilmoqda. Ad.: Zohidov P., Temur davrining me’moriy qahkashoni, T., 1996. Po’lat Zohidov.