BIRIKTIRUVCHI TO’QIMA

BIRIKTIRUVCHI TO’QIMA — odam va hayvonlarda mezenximadan rivojlanadigan to’qimalar guruhi. Organizmda trofik, himoya, plastik va mexanik funktsiyalarni bajaradi. Xususiy, Tog’ay va suyak Biriktiruvchi to’qimalari farq qilinadi. Xususiy Biriktiruvchi to’qima ko’pincha trofik, himoya va plastik funktsiyalarni, Tog’ay Biriktiruvchi to’qima esa mexanik funktsiyani bajaradi; u xondroblast va xondrositlar, hujayraaro modda hamda kollagen va elastik tolalardan iborat. Xususiy Biriktiruvchi to’qima zich va g’ovak Biriktiruvchi to’qimaga bo’linadi. G’ovak Biriktiruvchi to’qima terini muskullarga biriktirib, a’zolar orasini tuldirib turadi, shilliq va seroz pardalarning Biriktiruvchi to’qimali qavatini hosil qiladi. Uning hujayrali tarkibida fibroblastlar, gistiositlar makrofaglar, semiz hujayralar — labrositlar, plazmatik hujayralar — plazmasitlar, yog’hujayralari — lipositlar, retikulyar hujayralar, qisqartiruvchi hujayralar — perisitlar, xromatoforlar, endothelial hujayralar ajratiladi. Zich Biriktiruvchi to’qima shakllangan va shakllanmagan bo’ladi. Shakllanmagani teri asosini yoki uning to’r qavatini tashkil etadi. Shakllangan zich Biriktiruvchi to’qima tolali tuzilmalarning tartibli joylashishi bilan ajralib turadi; ba’zi a’zolar (ko’z oqi, teri, fassiya) da ular o’rim bo’lib joylashsa, boshqalarida (boylamlar, paylarda) parallel joylashadi. Shakllangan zich Biriktiruvchi to’qimadan tomirlar, bronxlar va boshqa tuzilmalar devorini hosil qiladigan elastik to’qimalar ham tashkil topadi. Suyak Biriktiruvchi to’qimadan odam va umurtqali hayvonlar skeletk tashkil topadi. Suyak to’qima osteoblastlar, osteositlar va osteoklastlardan iborat. Hujayraaro modda kollagen tolalardan tuzilgan bo’lib, tarkibida ko’pgina mineral tuzlar bor.