O’ZBEKISTON TUMANI
O’ZBEKISTON TUMANI — Farg’ona viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabr da tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda tugatilgan, 1963 yil 17 aprelda qayta tuzilgan. Shim.oldan Qo’qon shahri, Furqat tumani, Janub va g’arbdan Tojikiston Respublikasi, shimoli g’arbdan Beshariq, sharqdan Uchko’prik tumanlari, Janubi Sharqda Rishton tumani va Qirg’iziston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,69 ming kilometr kvadrat. Aholisi 181,1 ming kishi (2005). O’zbekiston tumanida 1 shahar (Yaypan), 1 shaharcha (Sho’rsuv), 10 qishloq fuqarolari yig’ini (Konizar, Mingtut, Nursuq, Ovchi, Oxunboboyev, Rajabgardi, Tog’ob, Qaynar, Qizil Qaqir, G’aniobod) bor. Markazi — Yaypan shahri. Tabiati. Tuman hududi Farg’ona viloyatning Janubi g’arbida, Turkiston tizmasining shimol etaklarida joylashgan. Shimolda Sirdaryogacha pasayib boradi. Tuman shimoliy qismining yer yuzasi tekislik bo’lib, Shaytonko’l massivi va Markaziy Farg’ona cho’lining davomidir. Tuman hududida foydali qazilmalardan tog’ mumi, gaz, neft, ohaktosh, tuz, gilmoya, keramzit va boshqalar bor. Iqlimi kontinental, quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6°, -10°, eng past temperatura -20°, iyulning o’rtacha temperaturasi 28°, eng yuqori temperatura 42— 45°. G’arb, shimoli g’arbdan tez-tez shamol esib turadi. Ko’qon shamolining tezligi 25-30 metr/sekund. Yillik yog’in 130-140 millimetr. Vegetatsiya davri 240-265 kun. Tuman xo’jaliklari va aholisi So’x daryosidan suv oladi. So’x daryosi tarmoqlaridan: Nayman, Yakkatut, Sochtepa, Ko’kdo’ppi soylari, Chilgijiyda, Nursuq, Achchisuv ariqlari bor. Tuman hududi o’rtasidan Katta Farg’ona kanali o’tgan. Sho’rsuv suv ombori mavjud. Tog’ etaklari, adirlar qumli, och bo’z tuproqli. Tog’ etaklari va dashtlarda shuvoq, yantoq, chaqirtikanak, soy, ariqlar bo’yida yalpiz, yulg’un, yov- voyi jiyda, tog’va adirlarda yovvoyi piyoz o’sadi. Shuningdek, ajriq, achchiqmiya, qo’ytikanak, itburun, qoqi, qirqbo’g’in, salomalaykum, qamg’oq, ituzum, qo’ypechak, semizo’t, kurmak singari begona o’tlar tumanning hamma joylarida uchraydi. Tog’ va adirlarda yirtqichlardan bo’ri, tulki, sudralib yuruvchilardan dasht ilonlari, kaltakesaklar, kemiruvchilardan sichqon, kalamush yashaydi; qushlardan tustovuq, so’fito’rg’ay, yovvoyi o’rdak, chumchuq kabilar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 262,5 kishi. Shahar aholisi 23,1 ming kishi, qishloq aholisi 158 ming kishi (2005). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligining asosini paxtachilik, g’allachilik, chorvachilik, pillachilik, mevachilik tashkil etadi. Sabzavot, poliz ekinlari, uzum ham yetishtiriladi. Tumanda jami xo’jalik yurituvchi sub’yektlardan kichik korxonalar, mikrofirmalar, boshqa turdagi korxonalar, 2 qo’shma korxona, shuningdek, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Sho’rsuv shaharchasida sopol quvurlar zavodi faoliyat ko’rsatadi. Tumanda 5 shirkat, 500 dan ziyod fermer, 100 ga yaqin dehqon xo’jaligi mavjud. 5,4 ming gektar yerga don, 6,7 ming gektar yerga paxta, 482 gektar yerga sabzavot, 87 gektar poliz, 243 gektar yerga kartoshka, 1,4 ming gektar yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 5,6 ming gektar yer tokzor va mevazor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 36,9 mingga yaqin qoramol, (shu jumladan, 14 mingdan ziyod sigir), 31,5 ming qo’y va echki, 100,6 ming parranda, 364 yilqi boqiladi. 64 umumiy ta’lim maktabi (45,1 mingga yaqin o’quvchi), bolalar va o’smirlar sport maktabi, 2 musiqa maktabi, 3 kasb-hunar kolleji bor. 1 madaniyat uyi, 8 klub muassasasi, o’lkashunoslik muzeyi, tuman Markaziy kutubxonasi va uning 34 ta shoxobchasi faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi, tug’ruqxona, poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam bo’limi, dorixonalar va boshqalar tibbiy muassasalarda 326 vrach, 1549 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. “Yaypan ovozi” gazetasi chiqariladi (adadi 5 ming). Otabek Jo’raboyev.