O’Q-YOY

O’Q-YOY — harbiy va ov maqsadlarida qo’llaniladigan otish quroli. Mezolit davridan ma’lum. Ikki mustaqil qism: yoy va o’qdan iborat. Yoy — egma elastiл cho’p, o’q — uchi o’tkir nayza. O’qning tanasi yog’och yoki qamishdan, uchligi tosh, suyak yoki metalldan yasaladi. Jangovar O’q-yoy 17-asrgacha ishlatilgan, sport O’q-yoy hozir ham qo’llaniladi.

“O’Q-YOY” — zargarlik buyumi; Xorazm ayollarining bosh kiyimining ensa (gardon) qismiga mustahkamlanadigan taqinchog’i. Taqyatuzi, osmatuzi va yarimtirnoq kabilar bilan birgalikda ansambl hosil qiladi. Taqinchoq shakli “o’q-yoy”ni eslatadi (nomi shundan). To’g’ri to’rtburchakli tepa va yoysimon (kamalak) shakldagi quyi qismdan iborat. Tepa qismi atrofi Feruza ko’zlar bilan hoshiyalanib, yuzasiga simkori usulida elpig’ichsimon bezaklar ishlanadi, ba’zan bezaksiz ham bo’ladi; uning yuqori qismi o’rtasiga ukpar uchun naycha ishlanib, naychaning ostiga o’qning uchini eslatuvchi uchburchak — tumor shakli osiladi (u ham ziynatlangan). Yoysimon quyi qismi yuzasi 3 qator Feruza ko’zlar qadab bezatilgan, uning quyi qismiga marjon hamda yaproqchalardan tuzilgan hashamdor shokilalar osilgan. 19-asr oxiridan urfdan qola boshlagach, ko’krakka ham taqilgan.

O’Q-YOY (lotincha) — Zodiakning yulduz turkumi. Eng yorug’ yulduzlari 1,8 va 2,0 yulduz kattaligida. O’q-yoyda qishki quyosh turishi va galaktika markazi joylashgan. Oddiy ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan sharsimon yulduz to’plamlari M55 ham O’q-yoyda. O’zbekiston hududida yozda yaxshi ko’rinadi.