BLENNOREYA
BLENNOREYA (Yunoncha blennos — shilimshiq va rheo — oqaman) — ko’z shilliq pardasi (kon’yunktiva) ga gonokokklar tushishi natijasida uning o’tkir yiringli yallig’lanishi. Chaqaloqlar, bolalar va kattalar boshqasi farq qilinadi. Chaqaloqlarga so’zak (gonoreya) bilan og’rigan onadan tug’ruq vaqtida yoki bolani parvarish qilish vaqtida ishlatilgan buyumlardan yuqadi. Blennoreya ko’proq qiz bolalarda kuzatiladi; shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilmaslik sababli kasallik onadan qizga o’tadi. Kattalarga esa aksari mikroblar bilan ifloslangan qo’ldan yuqadi, odatda bitta ko’z zararlanadi. Blennoreyada qovoq, ko’z shilliq pardasi shishadi, terisi qizaradi; ko’zdan yiring oqa boshlaydi; ba’zan qon aralash bo’ladi; ko’zning muguz pardasi zararlanadi. Shilliq pardaning qattiq shishishi, ko’l yiring oqishi muguz pardaning yaralanishiga, oq tushishiga va ko’rishning keskin yomonlashuviga olib keladi. Hozir bu kasallik kam uchraydi. Blennoreyaga gumon qilinganda darhol vrachga murojaat etish va tuzalguncha davolanish lozim. Davosi: antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar buyuriladi, ko’z dezinfektsiyalovchi eritmalar bilan bot-bot yuvib turiladi. Kasallikning oldini olishda sanitariya va shaxsiy gigiena tartiblariga qat’iy amal qilish, siydiktanosil a’zolarida so’zak bo’lsa o’z vaqtida davolatish, homilador ayolning tug’ruq yo’llarini tekshiruvdan o’tkazish, shuningdek bola tug’ilishi bilan uning ko’zlariga penisillin yoki albusid eritmasi tomizish lozim.