BIHISHTI

BIHISHTI, behishti—o’rtapishar vinobop uzum navi. Vatani—O’rta Osiyo. Sharqiy navlar ekologik-geografik guruhiga kiradi. O’zbekistonda rayonlashtirilgan. Tupining o’sishi o’rtacha, bargi to’garak yoki tuxumsimon, uch bo’lakchali. Guli ikki jinsli. Uzum boshi katta (bo’yi 20-30 santimetr, eni 8— 12 santimetr), tsilindrkonussimon, og’irligi 200— 250 gramm. G’ujumi dumaloq, sarg’ish-yashil yoki och qahrabo rangda, sershira, xushta’m, po’sti qalinroq, yupqa g’ubor bilan qoplangan. Faol harorat yig’indisi 3000-3500° bo’lganda 150 kunda pishadi (sentabr oxiri). Tarkibida 18-20% qand bor. Hosildorligi 180-200 tsentner/gektar. Bu nav issiq va quruq iqlimli, sho’rlangan va sernam yerlarda mo’l hosil beradi. Novdalarini uzun qoldirib kesib, tupiga elpig’ichsimon shakl beriladi. Buxoro viloyatida keng tarqalgan. Bihishtidan vino hamda sharbatlar tayyorlanadi.