O’ZBEKISTON QO’G’IRCHOQ TEATRI
O’ZBEKISTON QO’G’IRCHOQ TEATRI, Respublika qo’g’irchoq teatri — respublika maqomidagi etakchi davlat qo’g’irchoq teatri. Rasman o’z faoliyatini 1939 yil noyabr oyidan boshlagan. Ungacha Xalq qo’g’irchoqbozi Po’latjon Doniyorov rahbarligida kichik truppa tashkil topgan. 1937 yil Po’latjon Doniyorov, Tillaxon Matyoqubov, G’afurjon Mirzarahimov va Mirzakarim G’afurov kabi qo’qonlik qo’g’irchoqbozlar bilan hamkorlikda S. Abdullaning “Saltanat” pyesasini sahnalashtirib, Moskvada o’tgan o’zbek san’ati dekadasida ko’rsatgan. Davlat qo’g’irchoq teatriga asos solgan P. Doniyorov, S.A. Urazova, E.G.Podgurskayalar o’zbek xalq qo’g’irchoq teatri an’analari va rus qo’g’irchoq teatri tajribalariga suyanganlar. Jamoa o’z ishini bolalar teatri sifatida boshlagan bo’lsada, 2-jahon urushi davrida katta yoshdagi tomoshabinlarga ham xizmat qilgan. Vatanparvarlik mavzuidagi kontsert va parodiyalar qatorida “Davron” (A.Bobojonov), “Nasriddinning sarguzashtlari” (Yu. Arbat), “Ali kichkina” (G’ayratiy), “Sirli o’rmon” (E.Shvars), “Ur, to’qmoq” (S.Preobrajenskiy) kabi xalq ommasining kuchqudrati, hayotbaxshlikni targ’ib etuvchi spektakllar yaratildi. Teatr asta-sekin o’zbek mualliflari bilan ishlashga ham e’tibor kuchaytira bordi. 50-yillarda yaratilgan “O’rmonda” (G’ayratiy), “Sehrli quticha” (R.Botirov, A.Lelyavskiy), “Ziyod Botir” (N. Habibullayev), “To’ti va Qumri” (M.Muhamedov), “O’rmondagi hodisa” (S.Abduqahhor) kabi spektakllar shu hamkorlik samarasidir. Ayniqsa, “Aldarko’sa” spektakli e’tiborli bo’ldi. Jamoa spektakllardagi uyg’unlik, qo’g’irchoq yasash va ularni o’ynatish uslubini mukammallashtirish masalasiga ko’proq e’tibor bera boshlaydi. Teatr “Rahim va qo’ng’iz” (A.Boboxonov, A. Qobulov), “Alijon va Valijon” (S. Abduqahhor), “Temir bola” (Yo.Xo’jaev) va boshqalar spektakllar bilan boyidi. 1969 yil 15-20 sentyabrda O’rta Osiyoning Toshkentda o’tkazilgan 1-festivalida teatr “Semurg'” (Zulfiya va S.Somova), “Qoyil, Chiyovjon” (E.Chepoveskiy) spektakllari bilan qatnashib yaxshi baho oladi. “Qirol tiktak” (E. Xo’jayev), “Fotimaning sarguzashtlari” (N. Habibullayev), “Dangasaning holi voy” (L. Mahmudov), “Ovdagi hodisa” (X.Rahmatullayev va T.Mahramov) kabi spektakllar teatr izlanishlarining samarasi bo’ldi. 1966 yil teatr qoshida 2 yillik teatr-studiya tashkil etilgan; uni tugatganlar Andijon qo’g’irchoq teatriga asos solganlar. O’z yutuqlarini birma (1972), Pokiston (1975) va Hindistonda (1977) namoyish etgan. 1976 yil Moskvada 8 ta spektakl ko’rsatgan. 1979 yil 25 oktyabrda teatr muhtasham zamonaviy binoga ko’chdi. Bino “Oygul va Baxtiyor” (H.Olimjon dostoni, Zulfiya va S.Somova instsenirovkasi) spektakli bilan ochildi va shu yili Osiyo mamlakatlari qo’g’irchoq teatrlarining 1-xalqaro festivali bo’lib o’tdi. Festivalda qo’girchoqboz S. Obraztsov ham qatnashdi. 80-yillar bosh rejiisyor I.Yoqubov, bosh rassom V. Akudin, qo’g’irchoq yasovchi ustalar V.Sagadaeva, S.Strashnov rahbarligi hamda M.G’ulomova, T.Mahramov, T.Rahmonberdiyev, M.Bobojonov, V.Kalyadin, V.Borisov kabi aktyorlar ishtirokida “Kul, kulaver, Oyxon” (Hamzaning “Maysaraning ishi” asari asosida), “Semurg’ — baxt qushi” (Zulfiya, S.Somova), “Kenja qiz” (M.Xalil), “Sehrli kiyik” (A.Qobulov), “O’tkir shohli buzoqcha” (R.Farhodiy), “Temirchi va Malika haqida ertak” (Isfandiyor) kabi rang-barang ertak spektakllar maydonga keldi. Teatr kattalar uchun ham “Xoakin Murettaning yulduzi va o’limi” (Pablo Neruda poemasi asosida), “Kachal polvon qildi jang — fashist xoli bo’ldi tang” (N.Ro’zimuhamedov), “Agent 00” (G.Borovik) kabi asarlarni sahnalashtirdi. 1988 yil Hindiston bo’ylab ingliz va hindiy tillarida “Sehrli to’rqovoq” (Ya.Xaimov), “Fotimaning sarguzashtlari” (N.Habibullayev), “Senimi, bo’ri, Shoshmay tur!”(L.Xayt) spektakllarini namoyish etdi. “Paxtaoy” (V.Borisov), “Nasriddinning 41 pashshasi” (Z.A’lam), “Sehrli harflar oroli” (H.Imomberdiyev) kabi yangi spektakllar sahnalashtirildi. Mustaqillikdan so’ng teatr yangi ijtimoiy sharoitda bolalarga xizmat qilishdan tashqari mamlakatimizda boshqa endi shakllana boshlagan qo’g’irchoq teatrlariga yaqindan yordam berdi. “Karvonsaroy” (I. Lukyanova), “Ur, to’qmoq” (S.Preobrajenskiy), “Baxt axtargan Hasan” (E.Speranskiy), “Chodir Jamol” (Sh.Yusupov), “No’xot bola” (H. Imomberdiyev), “Issumbosi” (yapon ertagi asosida N. Normatov va Sh.Yusupov pyesasi) va boshqalar spektakllar an’anaviy teatr vositalari asosida yaratildi. “Alpomish” dostonining 1000 yilligiga bag’ishlangan “Qanotli odamlar” (N.To’laxo’jayev), Navoiy yubileyiga atab “Lison ut-tayr” (X.Rasul), “Shum bolaning sarguzashtlari” va “Yana Andersen” (G’.G’ulom va G.Andersen asarlari asosida) va boshqalar — keyingi yillar mahsuli. Samarqand festivali (1991, 2000), shuningdek,Turkiya (1994), Pokiston (1994, 1996, 2004) va Misrda (2004) o’tgan xalqaro festivallarda, AQSh, Germaniya, Rossiya va boshqalar mamlakatlarda o’zining eng sara asarlarini namoyish etdi. Teatr 2 til (o’zbek, rus) da ijod qiladi. Jamoa unima (xalqaro qo’g’irchoq teatrlari Ittifoqi)ning a’zosi. Qo’g’irchoq ustalaridan V.Sagadaeva, L. Yureva, N.Mirzaahmedova, butafor — R.Ibrohimova, aktyorlardan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist M. Egamnazarova, K.Jabborova, E.Mirzohidov, R.Dehqonboyev, G.Xoroshovtseva, V.Yusupova, N.Ustyukina, G.Borodin, rejissyor D.Yo’ldosheva kabilarning xizmatlari alohida. Teatrning bosh rejissyori — Maryam Ashurova, bosh rassom — M.Ivanyan. Muhsin Qodirov.