BOSMILLAR
BOSMILLAR, basmillar (Xitoy manbalarida bo’ma, bila, Xe la — ola, chavkar ot degani) — to’qqiz o’g’uz qabilalaridan biri. Xitoy manbalarida dastlab Suy xoqonligi (581-618) davrida tilga olinadi. Bosmillar Beshbaaiq shahrining Janubdan to Baykalgacha bo’lgan hududda yashashgan. Xitoy manbalarida Bosmillar atamasi ularning otlari chavkar bo’lganligidan olingan deyiladi. Bosmillar asosan chorvachilik, ovchilik va qisman dehqonchilik bilan shug’ullangan. 7-asrda Bosmillarning 5 ta katta urug’dan iborat kabila Ittifoqi tashkil topib, uning 30 ming saralangan qo’shini, 300 ming oti bo’lgan. 8-asrdan uyg’ur va Bosmillar boshchiligidagi to’qqiz o’g’uzlar ko’k turk xoqonligiga qarshi qudratli kuchga aylangan. Bosmillar yetakchi bo’lgan uyg’ur va qarluq qabilalari birlashmasi ko’k turk xoqoni O’zmish (740-742) ni o’ldirib bosmil xoqonligi (742-744) ni tuzishgan. Bosmillar boshlig’i Elteris qog’on unvoni bilan taxtga o’tiradi. Xoqonlikning Sharqiy qismini uyg’urlar egallab, ular so’l yobg’u, g’arbiy qismiga qarluqlar joylashib ular o’ng yobg’u deb nomlangan. Xitoy Bosmillar xoqonligi bilan yaxshi qo’shnichilik munosabatlari o’rnatishga intilgan. Uyg’urlar so’nggi turk xoqoni bo’lmish (Baymi, 742— 745)ni o’ldirib, so’ngra qarluqlar bilan birga sobiq ittifoqchilari Bosmillarga hujum qilishgan, Elteris xoqon o’ldirilgan. Natijada Bosmillar xoqonligi tugatilib, Bosmillar tarqab ketganlar. Oltoy bilan Tangritog’ (Tyanshan) oralig’ida yashaydigan Bosmillar keyinchalik Uygur xoqonligi tugatilgach, Idiqut xonligini tashkil topishida ishtirok etgan. 11-12-asrlarda Bosmillar Qoraxoniylar davlati hududidagi boshqa turkiy qabilalar bilan aralashib ketgan. Ad.: Mahmud Koshg’ariy , Devonu lug’otit turk, 1J., T., 1960; Malyavkin A. G., Tanskie Xroniki o gosudarstvax Tsentralnoy Azii, Novosibirsk, 1989.