BUVAYDA TUMANI

BUVAYDA TUMANI — Farg’ona viloyatmdagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1959 yil 14 dekabrda tugatilib, uning hududi Uchko’prik va Bag’dod tumanlariga qo’shib yuborilgan. 1973 yil 26 dekabrda qayta tuzildi. Tuman hududi Qo’qon shahridan shimoliroqda joylashgan. Buvayda tumani viloyatning Bag’dod, Uchko’prik, Dang’ara, Oltiariq tumanlari, Namangan viloyatining Pop tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,28 ming kilometr kvadrat. Aholisi 143,8 ming kishidan ziyod (2000). Buvayda tumanida 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Alqor, Bekobod, Beshterak, Buvayda, Jaloyir, Oqqo’rg’on, Uzumzor, Yangiqadam, Yangiqo’rg’on, Qo’ng’irot, Qo’rg’onobod) bor. Markazi — Yangiqo’rg’on qishlog’i. Tabiati. Buvayda tumani relefi asosan tekislik. Iqlimi kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2,3°, iyulniki 27,5°. Yiliga 120-130 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 218 kun. Bahor va kuzda kuchli shamollar esadi. Gilli, qumoqli, sug’oriladigan o’tloqi tuproqlar tarqalgan. Shimol va shimoli g’arbda barxan, do’ng qumlar uchraydi. So’x suvi Bekobod, Bachqir, Kartan, Buvayda ariqlari orqali keladi. Tuman shimoldan Bag’dod kollektori, Achchiqko’l va boshqa kanallar o’tgan. 7 suv inshooti, 140 dan ziyod artezian va drenaj qudug’i bor. Ekinzorlar So’x daryosi, katta Farg’ona kanali, katta Andijon kanali hamda yer osti suvlaridan sug’oriladi. Qumli erlarda Qandim, cherkez, yulg’un, yantoq, oqbosh o’sadi. Turli kaltakesaklar, o’qilon, chiporilon, shtrauxqurbaqaboshi va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar; shuningdek tatar, tojik, qirg’iz, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 504 kishi to’g’ri keladi (2000). Tarixiy obidalardan 15-16-asrlarga oid Bibi Buvayda maqbarasi, Bo’ston buva maqbarasi (Sulton Boyazid Bistomiy), Podshopirim (Farg’ona vodiysida Islomni targ’ib qilgan. Shoh Mahmud Jalil ismli Imom nomi bilan bog’lik rivoyat bor), Bandikushod, So’fi Azizlarning maqbaralari bor. Xo’jaligi asosan qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan bo’lib, yetakchi tarmog’i paxtachilikdir. Qishloq xo’jalikda sug’oriladigan yerlar 16104 gektar, shu jumladan 8620 gektar paxta, 5370 gektar donli ekinlar, 1930 gektar yem xashak ekinlari, 170 gektar sabzavot poliz ekinlari, 915 gektar mevazor va tokzorlar bilan band. Buvaydaning Oqqo’rg’on Anjiri qadimdan mashhur. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 31,5 ming qoramol, 19 ming qo’y va echki, 34 ming parranda, 25 ot, 580 dan ziyod asalari uyasi bor (2000). Pillachilik rivojlangan. Sanoati qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Ip yigiruv va to’quv fabrikasi, tikuvchilik-trikotaj fabrikasi, 4 meva va sabzavotlarni qayta ishlash (jumladan, anjir qiyomi ishlab chiqarish tsexlari), gilam to’qish, vinochilik tsexlari, 15 g’isht zavodi, 8 qurilis hta’mirlash tashkiloti, 3 aktsiyadorlik jamiyati, 304 kichik va xususiy korxona, ta’mirlash ustaxonasi, avtokorxona bor. Tumanda 15 kilometrli temir yo’l (Toshkent — Namangan), 11 kilometrli xalqaro, 49 kilometrli respublika, 100 kilometr viloyat ahamiyatiga ega avtomobil yo’llari mavjud. Ichki avtomobil yo’llarining uzunligi 718 kilometr. Gaz quvurlari orqali aholi gaz bilan to’liq ta’minlangan. 1999/2000 o’quv yilida 51 umumiy ta’lim maktabi, 2 lisey, gimnaziya, nafis san’at va sport maktablarida 31 ming o’quvchi ta’lim oldi. 54 ommaviy va bolalar kutubxonasi, 8 san’at saroyi, muzey, 25 dorixona, 780 o’rinli 4 kasalxona, 52 o’rinli sanatoriy, qon quyish stansiyasi, 3 poliklinika, 53 tibbiy punkti bo’lib, ularda 245 vrach, 1368 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. Yer ostidan chiqarilgan shifobaxsh suv yoniga kurort qurilgan va uni yanada kengaytirish mo’ljallanmoqda. Aholiga 178 savdo shoxobchalari xizmat ko’rsatadi. 1950 yildan “Buvayda ko’zgusi” tuman gazetasi chiqadi (adadi 2030).