BUZRUK

BUZRUK, Buzurg (forscha — katta, ulug’) — o’tmishda o’n ikki maqom, hozirda Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Farg’ona—Toshkent maqom yo’llari tarkibidagi maqom. Jomiy, Kavkabiy, Darvishali Angmnlarning “Risolai musiqiy” asarlarida Buzrukning o’n ikki maqomdagi tovushqatori, pog’onalari qayd etilgan, asosiy parda tuzilishi, interval (bo’d)lari va boshqalarga oid ma’lumot berilgan. Buzruk juda ko’p o’quv (ashula) va cholg’u yo’llarini o’z ichiga oladi. Jumladan, Shashmaqomdagi Buzruk maqomining 7 cholg’u yo’li, 35 o’quv yo’li, 6 taronali Saraxbori Buzruk, bir taronali Talqini Uzzol, 3 taronali Nasrulloyi, Nasri Uzzol va Ufari Uzzoldan iborat 1guruh sho’balari, Mo’g’ulchai Buzruk, Savti Sarvinoz, Buxoro irog’i va Rok (har biri Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar deb bir xil nomlanuvchi shoxobchalari bilan) kabi 2 guruh sho’balari mavjud. Shuningdek, Buzrukning turli cholg’u (surnay) va ashula yo’llari bor. Xususan, Rok sho’basi (surnay, karnay va nog’oralar jo’rnavozligida) cholg’u asari sifatida “Shodiyona” nomi bilan ma’lum; sunray Buzruki, Savti Buzruk, Ufari Savti Buzruk kabi Farg’ona — Toshkent makom yo’llari ham mashhur.