BURGANLI MADANIYATI
BURGANLI MADANIYATI — so’nggi jez va ilk temir davrlari (miloddan avvalgi 1 ming yillik boshi —6—4- asrlar) ga oid arxeologik madaniyat. Toshkent yaqinidagi Burgashshsoy sohilidan topilgan manzilgoh nomi bilan atalgan. Toshkent viloyatidagi Ohangaron daryosining irmoqlari hamda jo’n va Salor kanallarining shoxobchalari havzalarida tarqalgan. Burganli madaniyatiga oid dastlabki yodgorliklar 1934 yil arxeolog G. V. Grigorev tomonidan Qovunchitepaning ostki qatlamlaridan topilgan. 1940 yil A. I. Terenojkin Burganlisoyda olib borgan qazish ishlaridan so’ng Burganli madaniyati alohida mustaqil madaniyat ekanligini aniqlagan. Burganli madaniyati qadimda Toshkent regionida yashab, ko’chmanchi chorvachilikdan o’troq dehqonchilikka o’tgan aholi madaniyati hisoblanadi. Bu madaniyatga oid eng yirik manzilgoh Ohangaron daryosi bo’yida bo’lib, u xom g’ishtdan qurilgan mustahkam mudofaa devori va xandaq bilan o’ralgan. Undagi yarim yerto’lalar kvadrat, to’g’ri to’rtburchak va tuxumsimon shaklda bo’lib, eshigi daryo tomon qaragan. Ular ichidan o’choqlar, turli sopol idish bo’laklari va hayvonlar suyagi bilan to’la o’ralar topilgan. Bu davr aholisi xo’jaligida chorvachilik bilan bir qatorda, dehqonchilik ham muhim rol o’ynagan (manzilgohlardan ko’plab jez o’roq, tosh omoch va yorg’uchoqlar chiqqan), ov va baliqchilik esa ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo’lgan. Bu davr hunarmandchnligi (kulolchilik, temirchilik, to’quvchilik va boshqalar) ancha sodda. Sopol idishlar, asosan qo’lda yasalib, sirtiga qizil rang berilgan va ba’zi geometrik shakllar ham chizilgan. Ayrim idishlar ichki qismida dag’al jun mato izi saqlanib qolganligi ularning mato qoliplarda tayyorlanganligini ko’rsatadi. Paykon, xanjar, pichoq, taqinchoq, ustara, bigiz, qoshiq, bel kabi jang va mehnat qurollari, uy-ro’zg’or, zeb-ziynat buyumlari ham jezdan yasalgan. Burganli madaniyati yodgorliklari Farg’ona vodiysidagi Chust madaniyati, Surxondaryodagi Kuchuktepa, Mirshodi, Bandixon, Jarqo’ton, Janubiy Turkmanistondagi Yoztepa va shimoliy Afg’onistondagi Tilyaatepa yodgorliklariga ko’p jihatdan o’xshashdir. A. A. Asqarov va M. Filanovich Shosh moddiy madaniyat tarixini Shoshtepa materiallari asosida 2 bosqich — Burganli madaniyatining tugallanish bosqichi (miloddan avvalgi 6-4-asrlar) va Burganli madaniyatining qovunchi madaniyatiga o’tish bosqichi (miloddan avvalgi 7— 2-asrlar) ga ajratadi. Ad..Buryakov Yu. F., Qosimov M. R., Rostovtsev O. M, Toshkent oblastining arxeologik yodgorliklari, T., 1975; Buryakov Yu. F., Genezis i etapi razvitiya gorodskoy kulturi tashkentskogo oazisa, T., 1982; Duke X. I., Tuyabuguzskie poseleniya Burgulyukskoy kulturi, T., 1982.