BURGUT

BURGUT — (Aquila chrysaetus) — yirtqichlar turkumining qirg’iylar oilasiga mansub qush. Burgut yirik, chaqqon va kuchli. Tanasining uzunligi 95 santimetrgacha. Qanoti 62-72 santimetr, yoyganda 2 metrga yetadi. Orqa oyog’i barmog’idagi tirnog’ining 4,2 santimetrdan uzunroq bo’lishi o’ziga xos belgilaridandir. Pat rangi to’q qo’ng’ir, boshi malla. Burgut Yevropa, Osiyo va shimoliy Amerikada keng tarqalgan. O’rta Osiyoda o’troq yashandi. Tog’ va cho’llarning odam yashamaydigan uzoq joylarida, qoyalar orasida, saksovulzorlarda uchraydi. Tog’, cho’l va suv Burguti bo’ladi. Burgut monogam qush. Nari bilan modasi doim birga bo’ladi. Biri o’lsagina ikkinchisi o’ziga boshqa sherik axtaradi. Uyasini odam chiqa olmaydigan yerlarga xascho’p va latta-puttalardan quradi. Odatda, bir-biriga yaqin 2-3 uyasi bo’lib, bittasidan foydalanadi. Xira oq va qo’ng’ir xollar bilan qoplangan 1-2 ta tuxum qo’yadi. Jo’jasini boqishda nari ham ishtirok etadi. Burgut parrandalar (kaklik, dudoq), yumronqoziq, toshbaqa, quyon va boshqa hayvonlar bilan oziqlanadi. Burgut jo’jasini uyadayoq ovga o’rgata boshlaydi. O’rta Osiyoda Burgutning yosh jo’jasini qo’lga o’rgatishadi. Voyaga yetganida uni quyon, tulki va hatto bo’ri oviga olib chiqishadi. Burgut o’ljasini uzoqdan yaxshi ko’radi va tez uchib borib unga tashlanadi. Kemiruvchilarni qirib, qishloq xo’jaligiga foyda keltiradi. Burgut O’zbekiston va boshqa davlatlar Qizil kitobiga kiritilgan.

BURGUT — osmon ekvatori atrofida delfin, o’qyoy, qavs, dalv yulduz turkumlari oralig’ida joylashgan yulduzlar turkumi. Belgisi Adi, umumiy yuzasi taxminan 652 kvadrat gradus, undagi 70 dan ortiq yulduzni teleskopsiz ko’rish mumkin. Burgut yulduzlari bahor, yoz va kuzda ko’rinadi.