BURCHAKTISHLAR
BURCHAKTISHLAR, burchak tishli tritonlar (Hynobius) — dumli amfibiyalar urug’i. Tanglay tishlari burchak shaklida qayrilgan. 18 ta turi bor. Sharqiy Osiyo va Sibirda tarqalgan. Sibir burchaktishi yoki to’rt barmoqli Triton (Hynobius Keyserlingii) ning uzunligi 13 santimetrgacha, dumi 6 santimetrga yaqin, tanasining orqa va yon tomonlari bo’z rangda, ustida mayda xollari va och rang yo’llari bor. O’rta Osiyo (Pomir va Samarqand) da Turkiston Burchaktishlari (N. turcestanicus) tarqalgani to’g’risida ma’lumot bor. Turkiston Burchaktishlari barmog’ining 5 ta bo’lishi bilan boshqa turlardan farq qiladi. Burchaktishlar quruqlikda yashaydi, urchish davrida suvga tushadi. Erkagi spermatozoidlar bilan to’la spermatoforini, urg’ochisi esa 7-50 uvuldiriqli uzunchoq diriddoq xaltachasini suvga tashlaydi. Tuxumlari suvda urug’lanadi. Burchaktishlar turli umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi.