BURCHOQDOSHLAR
BURCHOQDOSHLAR (dukkakdoshlar), (Fadaceae, Leguminosae) — ikki urug’ pallali o’simliklarning bir oilasi. Yer yuzining hamma mintaqalarida keng tarqalgan. Ba’zan Burchoqdoshlarni 3 kenja oila — mimozadoshlar (Mimosaceae), Tse zalpindoshlar (Caesalpiniaceae) va kapalakguldoshlar (Papilionaseae yoki Fabaceae) ga ajratiladi. Burchoqdoshlarning barglari ko’pincha ketma-ket joylashgan, odatda, yon bargli va murakkab. Gullari asosan boshoqsimon, shingilsimon yoki kallaksimon to’pgullarda o’rnashgan, odatda zigomorf, ayrimlarida aktinomorf. Mevasi — dukkak. Burchoqdoshlarning 12000 turni birlashtirgan 500 turkumi (O’zbekistonda 528 turni o’z ichiga olgan 57 ta turkumi) bor. Burchoqdoshlardan oqsilga boy bo’lgan mosh, no’xat, loviya, soya, yer yong’oq oziq-ovqat uchun, to’yimli o’tloq o’simliklaridan beda, sebarga, esparset yem-xashak uchun ko’plab ekiladi. Burchoqdoshlar orasida texnikada ishlatiladigan qimmatbaho mahsulotlar olinadigan, balzamli va qimmatbaho yog’och olinadigan daraxtlar bor. Yer yong’oq, sano, qashqarbeda, shirinmiya, shildirbosh, oqquray, afsonak kabilardan olinadigan alkaloidlar, glyukozidlar, smolalar, vitaminlar va organik kislotalar tibbiyotda turli kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Cho’llarda uchraydigan qizboltir, oqmiya, achchiqmiya kabilar zaharli hisoblanadi. Burchoqdoshlarning ba’zi zaharli turlari (derris, lonxokarpus) insektisid sifatida ishlatiladi. Ko’p Burchoqdoshlar (akatsiya, gledichiya, tuxumakva boshqalar) manzarali o’simlik sifatida ekiladi. Burchoqdoshlarga mansub ko’p o’simliklarning ildizida atmosfera azotini o’zlashtiradigan azotobakter yashaydi. Shuning uchun Burchoqdoshlar azot birikmalari kam bo’lgan tuproqda ham yaxshi o’sadi.