BURHON SULTON
BURHON SULTON (71557) Buxoro xoni (1552-57), shayboniylardan. Shayboniyxonning nabirasi Muhammad Yorga sherik sifatida Buxoro taxtiga o’tiradi. Burhon Mirzo bir tuhmat sababli 1554 yil Muhammad yorni qatl ettiradi. Baroqxon Movarounnahrni to’la egallash maqsadida 1555 yil Buxoroga Burhon Mirzo ustiga yurish qilib, shaharni qamal qiladi. Qamal juda og’ir kechib 3 oy davom etadi. Burhon Mirzo yordam so’rab Abdullaxon II ga odam yuboradi va unga Buxoroni berib, xizmatiga kirishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi. Abdullaxon II Forob yonida Baroqxon qo’shinini yengib g’alaba qozonadi. Burhon Mirzo esa va’dasiga vafo qilib Abdullaxonga Buxoroni topshiradi va o’zi Qorako’lga ketadi, biroq oradan bir yarim oy o’tgach Burhon Mirzo shartni buzib, Buxoroga yurish qiladi. Abdullaxondan cho’chib qolgan Baroqxon Burhon Mirzo bilan do’stlashib, unga yordamga oshiqadi. Abdullaxon sulh tuzishga majbur bo’lib, yana Afg’oniston tomonlarga qaytib ketadi. Abdullaxon ikki g’alaba (Buxoro va Samarqand) ni qo’lga kiritgan o’sha kezlari Burhon Mirzo Karmanaga (Abdullaxon II ning yerlari) hujum qilib, qal’ani qo’lga kirita olmagach, Buxoroga qaytib ketadi. Abdullaxon II uning ilgarigi xiyonatkorligi hamda bu qilig’i qasosi bahonasida Buxoro ustiga qo’shin tortib, 1557 yil iyulida shaharni qattiq qamal qiladi. Qamal cho’zilib, qamaldagilar ahvoli og’irlasha borgach, Burhon Mirzo Abdullaxon II bilan sulh tuzishga majbur bo’ladi. Sulh tuziladi va shu kechasi sirli ravishda Burhon Mirzo ham o’ldiriladi. Ad.: Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993.