BURHONOV ABDULVOHID
BURHONOV ABDULVOHID (taxallusi Munzim) (1875, Buxoro — 1934, Dushanba) — Buxorodagi jadidlik harakati, yosh buxoroliklar tashkiloti asoschilaridan biri. 1908 yil oktabrda Buxoroda dastlabki yangi usuldagi maktabni ochdi. Samarqandga borib, Mahmudxo’ja Behbudiy va Abduqodir Shukuriydan yangi usul maktablarida o’qitish tajribasini o’rgandi. Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy bilan birgalikda “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyatini tuzishda qatnashdi. Jamiyat buxorolik ma’rifatparvar va ziyolilar o’rtasida ilg’or demokratik g’oyalarni targ’ib etib, xalqning siyosiy ongini uyg’otish uchun kurashdi. Burhonov 1917 yildan yosh buxoroliklar partiyasi MKning raisi. Buxoroda Xalq Respublikasi o’rnatilgach, BXSR MIK raisining o’rinbosari, xalq maorifi noziri, sog’liqni saqlash noziri (1920— 24). Buxorolik 44 talabani Germaniyaga olib borib, Berlindagi o’quv yurtlariga joylashtirdi (1921). 20-yillarda ilmiy va publitsistik faoliyat bilan shug’ullandi. 30-yil boshida “Tojikistoni surx” gazetasida ishladi. Ad.: Ayniy S, asarlar, 1J., T., 1963; Xo’jaev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997.