BUXORO KUMUSH TANGASI

BUXORO KUMUSH TANGASI — Buxoro xonligi (1500-1753) tashkil bo’lgan paytda shayboniyxon nomi bilan zarb qilingan kumush tangalar. Shayboniylar dastlab tangalarining og’irligini 1 misqol, ya’ni 4,8 gramm miqdorida zarb qilgan bo’lsa, 17-asrga kelib 4,4 grammga tushib qoldi. Joniylar sulolasi hukmronlik qilgan (1599-1753) davrdan boshlab kumush tangalar a’lo sifatli sof kumushdan zarb qilingan. Mang’itlar sulolasi (1753-1920) tangalarida Joniylar tangalariga nisbatan yozuvlar oz bo’lgan. Kumush tangalarning o’ng tomonida tanga zarb qilingan shaharning nomi, ya’ni “Himmatli Buxoro zarbi” va raqamlar bilan sana ko’rsatilgan, ters tomonida podshoning nomi va yana sana ko’rsatilgan. Mang’itlarda podsho nomini tangaga berish yo’llari turlicha bo’lgan. Birinchi Mangit amiri Muhammad Rahimxon o’z nomidan tanga zarb etgan. Lekin Shohmurod oldin Abdulg’oziy nomi bilan, keyinchalik otasi Doniyolbiy nomi bilan tangalar chiqargan. Shohmurod va uning vorisi Amir Haydar goh buvasi, goh otasi, goho ota buvasi, keyinchalik o’zi nomidan ham tangalar zarb qilgan. Uning o’g’li Husayn atigi 75 kun hukmronlik qilgan bo’lsa ham o’z nomi bilan kumush tangalar zarb qilishga ulgurgan. Keyingi barcha Mang’it amirlari faqat avlod ajdodlarining xotirasi uchun tanga zarb qilganlar. Mang’itlarning kumush tangalari a’lo sifatli sof kumushdan ishlangan; ularning og’irligi kamaygan va diametri kichraygan. Ad.: Er Nazarov T., Kochnev B., Tangalar o’tmish darakchilari, T., 1977.