BUXORO PUL TIZIMI

BUXORO PUL TIZIMI — 1924 yilgacha Buxoro hududida mavjud bo’lgan pul muomalasi. Buxoro hududida uzoq asrlar davomida tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi natijasida bimetallizmning murakkab shakli vujudga keldi. Miloddan avvalgi 3-asr oxiridan 2-asrgacha Buxoro hududida Yunon-Baqtriya tangalari muomalada bo’lgan. Bu pullarning nomi ham yunoncha edi. Jumladan, tilla pullar — stater; kumush tangalar — tetradraxma, draxma, yarim draxma; mis tangalar — xalq deb atalgan. O’sha davrdagi oltin va kumush qiymati nisbatiga binoan (1:10) bir oltin stater 20 kumush draxma yoxud 5 tetradraxmaga teng edi. Miloddan avvalgi 1-asrda, milodning dastlabki to’rt asrida sug’dlar davri Buxorosida Evtidem I tetradraxmalariga o’xshash tangalar, keyinchalik esa sosoniylar shohi Bahrom V (Varaxran V) (421-439) draxmalariga taqlid qilib tangalar chiqarildi. Bu tangalar Buxorxudot dirxami deb nomlangan. 8-asr boshida mamlakatga arablar bilan birga ularning tangalari ham kirib keldi. Oltin tangalar — dinor, kumush tangalar — dirham, mis tangalar — fulus deb atalgan. Oltin tangalar tashki savdo uchun zarb qilingan, ular og’irligiga qarab pul sifatida emas, balki tovar sifatida muomalada bo’ldi. Xalifalik savdosi kumush tangalar — dirhamlar pul muomalasining asosini tashkil etgan. Oltin tangalarning kumush tangalarga nisbati ma’lum vaqt turlicha bo’lgan. Agar 8-asrda 1 oltin tangaga 10 kumush tanga almashtirilgan bo’lsa, kumush inqirozi paytida bu nisbat 1:7, inqirozdan so’ng 1:11 bo’lgan. 15-16-asrlarda katta mis tangalar “dinor” deb, kumush pullar “tanga” deb atala boshlandi. Hukumat kumush va mis tangalar orasidagi nisbatni o’rnatdi, bu nisbat bozor o’zgarishlari katta bo’lmagan yoxud vaqt-vaqti bilan bo’lgan paytda o’zgarishsiz qoldi. Uzoq vaqt mobaynida asosiy birlik o’zgarmadi: 1 kumush tanga 1 misqol, ya’ni 4,8 gramm, 1 kumush dirxam 20 mis dinor, 1 mis dinor 6 fulusga teng edi. Buxoro amirligida 1785-86 yillarda o’tkazilgan pul islohoti eski an’analarni saqlab qoldi: nominal oldingi 3 nomda zarb etila boshlandi. Oltin tangalar — “Ashrafiy” yoki “tilla”, kumush tangalar — “tanga”, mis tangalar — “kora pul” yoxud ko’plikda “fulus”, xalq tilida “pul” deb atala boshlandi. 1 tilla (oltin) tanga 22 kumush tangaga, 1 kumush tanga 50 mis tangaga teng bulgan. Misning kumushga nisbati turlicha bo’lgan. Rus protektorati o’rnatilganidan so’ng rus hukumati o’z oldiga Buxoro pul tizimini yo’qotishni hamda muomalaga rus pullarini, jumladan kredit chiptalarini kiritishni maqsad qilib qo’ydi. 1893 yilgacha” Buxoro bozorlarida 1 Buxoro kumush tangasining narxi 20 tiyin rus puli darajasida saqlangan. 1893 yilda Rossiya davlat bankining Buxoro bulimi tashkil qilinib, unga Buxoroda pul muomalasini tartibga solish vazifasi yuklandi. Buxoro tangasi Turkiston o’lkasida (asosan Samarqand viloyatida ham joriy qilindi. Rossiya hukumati tazyiqi ostida 1904 yilda Buxoro kumush tangasi chiqarilishi to’xtatildi, tanga zarb etish to’xtatilishi bilan birga 2 pul qiymatli yangi mis tangalar hamda oddiy fulus muntazam zarb etilishi yo’lga qo’yildi. Amir hukumati kumush tangalarni mis tangalarga almashtirishga ma’lum miqdorda harakat qildi. 1917 yilda Buxoro amiri muomalaga yarim tangadan 20 tangagacha qiymatdagi yangi tangalarni kiritdi, ular 3 yil davomida zarb etildi. 1918 yildan boshlab Buxoro pul muomalasiga Amir hukumati tomonidan chiqarilgan qog’oz pullar kiritildi. Ular tanga deb atalar edi. Avvaliga 20, 60, 100, 200, 300, 500, 1000, 2000, 3000, 5000 tanga qiymatidagi pullar chiqarildi. 1919 yilda pul chiqarish texnologiyasi ancha oddiylashdi va faqat 50, 100, 200, 500, 1000, 2000, 3000, 5000, 10000 tanga qiymatidagi pullar chiqarildi. BXSR o’rnatilgandan so’ng (1920) ham davlat xarajatlarini qoplash uchun qog’oz pullar chiqarish davom ettirildi. 1920 yilda 50, 100, 200, 500, 1000, 2000, 3000, 5000, 10000 “tanga” chiqarildi. Keyinroq pul chiqarish uchun yangi qolip yasaldi. Endi pullar so’m deb atala boshladi (50, 100, 3000, 5000, 10000 so’m). Bu pullar qo’lda yasaldi, ular xalq xo’jaligi talablarini hisobga olmagan holda chiqarildi va shu sababdan tez orada qadrsizlandi. 1922 yilda pul almashtirildi. Endi pullar qo’lda emas, balki matbaa usulida chiqarila boshlandi. Ularning eski pullarga nisbati 1:10000 edi. Yangi pullar 1, 5, 10, 25, 100, 1000, 2500, 5000, 20000 so’m qiymatida chiqarildi. 1922 yil oxirida bu pullar ham qadrsizlandi va hukumat 100:1 nisbatda yana pul almashtirishni lozim topdi. 1923 yil mart oyida Toshkentda O’rta Osiyo Sovet Respublikalarining birinchi iqtisodiy konferentsiyasi bo’lib o’tdi. Aynan shu konferentsiyada mahalliy pullarni chiqarishni to’xtatish va RSFSR davlat pul belgilariga o’tishga qaror qilindi. 1923 yil may oyidan Buxoro pullari RSFSR emas, endi SSSR pullariga 1:3,5 nisbatda almashtirildi. Aleksey Nurullayev.