BUXORO TEATRI
BUXORO TEATRI, Sadriddin Ayniy nomidagi davlat musiqali drama va komediya teatri — to’ng’ich o’zbek professional teatrlaridan. 1921 yil F. Xo’jayev tashabbusi bilan havaskorlar guruhi asosida tashkil qilinib, 1922 yil “Tuhmatchilar jazosi” (Hamza) spektakli bilan ochilgan. Ikkinchi spektakli “Turkiston tabibi” (M. Uyg’ur, 1923). Tashkilotchisi va badiiy rahbari — Mannon Uyg’ur. H. Latipov, L. Nazrullayev, N. Rahmonov, L. Latipov, S. Tabibullayev, N. G’aniyev va boshqa teatrning ilk ijodkorlari bo’lib, teatr taraqqiyotiga katta hissa qo’shdilar. 1924 yilda teatrning bir guruh aktyorlari Moskvadagi o’zbek drama studiyasiga o’qishga yuborildi. 1930 yilning oxirigacha kichik pesa va kontsert dasturlari bilan kifoyalandi. Drama studiyasini tugatgan aktyorlar (B. Xo’jayev, S. Abdullayev, A. Olimova, B. Jamolov, M. Musayev va boshqalar) qaytgach (1930), teatr tom ma’noda professional teatr maqomiga ega bo’ldi. Ular sahnalashtirgan “Isyon” (D. Furmanov va S. Polivanov), “Zo’raki tabib” (J. Moler), “Qon va suv” (L. Sayfullina) spektakllari teatrning professionallik darajasini yanada mustahkamladi. 1931 yil Ya. Bobojonov badiiy rahbar, Sh. Shorahimov esa bosh rassom etib tayinlandilar. 30-yillarning o’rtalari teatr ijodiy faoliyatida burilish davri bo’ldi. Realizm uslubini chuqur egallash, erishilgan ijodiy muvaffaqiyatlarni mustahkamlash borasida jiddiy ish olib borildi. Shu ijodiy jarayon davomida o’zbek dramaturgayasi, rus va chet el mumtoz asarlari aktyorlarning ijro mahoratini oshishida, teatr jamoasining o’z ijodiy yo’nalishiga ega bo’lishida muhim rol o’ynadi. 1936 yildan teatr “Musiqali drama teatri”ga aylantirildi. Shu yillari teatr jamoasi A. Xo’jayeva, S. Yarashev, A. Oxunov, N. Ne’matova, A. Atoyev, Z. Soliyeva kabi ijodkorlar bilan boyidi. Urush yillari o’zbek xalqining mardonavor kurashi aks ettirilgan asarlar sahnalashtirilgan bo’lsa, tinch qurilish davrida repertuar mavzu jihatdan boyidi. Asosiy e’tibor davrning dolzarb muammolariga qaratildi, xalqimizning fidokorona mehnati, axloqiy va ma’naviy go’zalligi, tinchlik, insonparvarlik g’oyalariga intilish spektakllarda o’z ifodasini topdi. “Layli va Majnun” (Xurshid; T. Sodiqov, R. Glier musikasi), “Ravshan va Zulxumor” (K. Yashin; T. Sodiqov musiqasi), “Qurbon Umarov” (S. Abdulla, Chustiy; T. Jalilov musiqasi), “Oltin ko’l” (Uyg’un, M. Leviyev musiqasi); “Shohi Suzana”, “Og’riqtishlar” (A. Qahhor), “Yurak sirlari” (B. Rahmonov), “Oftobxon” (K. Yashin; X. To’xtasinov musiqasi), “Boy ila xizmatchi” (Hamza), “Alisher Navoiy” (Uyg’un, I. Sulton), “Imon” (I. Sulton) va boshqa spektakllar sahnalashtirildi. 1958 yil teatrga Sadriddin Ayniy nomi berildi. 60-70-yillar teatrning mustaqil repertuar yaratish borasidagi ijodiy izlanishlari o’z samarasini berdi va teatr o’z ijodiy cho’qqisiga ko’tarildi. Sahnada realistik ijro asoslarini o’rnatishda, ijrochilik san’atini yuksak professional darajaga ko’tarishda M. Musayev, B. Jamolov, A. Akobirov, R. Botirov kabi rejissyorlarning xizmatlari katta bo’ldi. Buxoroning o’tmishi mavzuida spektakllar sahnaga qo’yiddi. Shuningdek, ayrim kishilar ongi va xulq atvoridagi illatlarni fosh etish, shu yo’l bilan jamiyatga munosib fazilatli kishilarni tarbiyalash teatr repertuarining asosiy yunalishiga aylandi. Bir qator musiqali drama va komediya asarlari sahnalashtirilib, o’zining ijodiy dadilligini, ijtimoiy psixologik asarlar yaratishga qodirligini ko’rsatdi. “Revizor”, “Uylanish” (N. Gogol), “Hamlet” (U. Shekspir), “Xushchaqchaq gadolar” (K. Gossi), “Mirza Izzat Hindistonda” (B. Gargi; M. Ashrafiy musiqasi), “Guli siyoh” (S. Jamol; D. Soatqulov musikasi), “Qalamqoshligim” (M. Karimov; S. Jalil musiqasi), “Zebizebona” (T. To’la; I. Akbarov), “Laqma” (Uyg’un; S. Jalil musiqasi) va boshqalar shular jumlasidan. 1980 yillardan boshlab yuksak saviyali, badiiy pishiq va g’oyaviy mukammal spektallar (“O’z arizasiga kura”, “Abulfayzxon”, “Bir kam dunyo”, “Janoza o’qilmasin”, “Ibn Sino” va boshqalar) sahnalashtirildi. 90-yillardan teatrga yangi kuchlar (M. Sodiqova, S. Zohidova, B. Boltayev, F. Abdullayev va boshqalar) kelib qo’shildi va o’zlari bilan teatrga yangi hayot nafasini olib kirdilar. “Urush” (Sh. Nurmatov), “Yuragimni sotaman”, “Sohibqiron Temur” (S. Sirojiddinov), “Chimildiq” (E. Xushvaktov), “Tentak farishtalar” (Sh. Boshbekov), “Davlat bolalari” (R. Muxammadjonov), “Haqrost” (Y. Muqimov) kabi spektakllar bilan teatr o’z mavqeini tikladi. Teatrda H. Naymov, N. Ne’matova, A. Fayziyev kabi O’zbekiston xalq artistlari turli yillarda ijod qilganlar. Teatrning yetakchi aktyorlari: Z. Karimov, A. Mavlonov, N. Muminova, B. Baqoyev, R. Ergashev, S. G’ulomova, Sh. Yulliyev va boshqalar. Bosh rejissyor — Ubaydulla Baqoyev. Jo’ra Maxmudov, Isomitdin Jumayev.