BUXORO TUMANI
BUXORO TUMANI — Buxoro viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Buxoro tumani shimolda viloyatning Vobkent va Romitan tumanlari, g’arbda Jondor tumani, sharqda Kogon tumani, Janubi sharqda Qorovulbozor tumani va Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,32 ming kilometr kvadrat. Aholisi 109 ming kishi (2001). Buxoro tumanida 1 shahar (Galaosiyo), 12 qishloq fuqarolari yig’ini (Bog’ikalon, Istiqlol, Ko’chkamar, Losha, Rabotqalmoq, Sohibkor, So’fikorgar, Shirgaron, Yurinbolo, Yangihayot, Qavolamahmud, Qunjiqal’a) bor. Markazi — Galaosiyo shahri. Tabiati. Buxoro tumani yer yuzasi pasttekislikdan iborat. Tuman hududida O’rtacho’l yaylovi bor. Iqlimi kontinental iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0° dan -2″ gacha, iyulniki 28°-29°. Yiliga 50-120 millimetr yog’in tushadi. Tuman hududidan Shohrud kanali va Amu Buxoro mashina kanalining shimoliy g’arbiy tarmog’i o’tadi. Tuman yerlarining ancha qismi sho’rlangan. Yer sho’rini kamaytirish ishlari olib borilmoqda. Sho’r, sho’rxok, sho’rtob, gilli, qumli, qumoq tuproqlar tarqalgan. Saksovul, yulg’un, shuvoq, sho’ra va boshqalar o’sadi. Yumronqoziq, sug’ur, sassiqko’zan, qushlardan tuvaloq, olabovur, qorabovur, qirg’ovul va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, turkman, ozarbayjon, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 82,5 kishi to’g’ri keladi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, chorvachilik, ipakchilik, sabzavotchilik va hunarmandchilik. Tumanda “Toshkent Kotton” choyshab va ichki kiyimlar ishlab chiqarish qo’shma korxonasi, 269 fermer xo’jaligi, uzumni qayta ishlash, “shifo” mahalliy mineral suv korxonalari bor. Jarqoq konidan gaz olinadi va neft qazib chiqariladi. Umumiy ekin maydoni 26976 gektar, shu jumladan 12700 gektar yerga paxta, 6743 gektar yerga donli ekinlar ekiladi. Bog’lar 1080 gektar, tokzorlar 1327 gektar, tutzorlar 542 gektar, o’rmonzorlar 110 gektar, sabzavot va poliz ekinlari 1045 gektarni tashkil qiladi. Tumanda 44,4 ming qoramol, 47,1 ming Qorako’l qo’yi bor (2001). Qo’ylar O’rtacho’l yaylovida boqiladi. Tuman hududidagi avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi 1411 kilometr. Temir yo’l uzunligi 29 kilometr. 2000/2001 o’quv yilida 52 umumiy ta’lim maktabi, 2 iqtidorli bolalar litseyida 2279 murabbiy ishladi. 43 ommaviy va bolalar kutubxonasi, 4 klub, madaniyat uyi, 300 o’rinli kasalxona, me’da ichak va jigar xastaliklarini davolash sanatoriysi, qishloq ambulatoriyasi bo’lib, ularda 172 vrach, 1013 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. “Galaosiyo ovozi” tuman gazetasi chiqadi (adadi 4500).