BUXOROYI SHARIF

BUXOROYI SHARIF (sharofatli Buxoro) —qadimgi Buxoroning keng tarqalgan nomlaridan biri. O’rta asrlarda jahondagi 7 shahar: Makka, Madina, Quddus, Buxoro, Bag’dod, Damashq, Mozori Sharifga liniy markaz sifatida Shuhrat qozonganliklari uchun “Sharif” unvoni berilgan edi. Buxoro qadimdan turli nomlar bilan atalib kelgan. Ayniqsa, Arab xalifaligi va somonishar davrida shahar yuksalgan. Buxoroning nomlaridan “Foxira” (“Faxrli shahar”) atamasi Narshaxiyning ta’rifi bo’yicha, Islom dinining barqarorligi yo’lida qon to’kkan shahidlar sharafiga nisbat qilib berilgan. Shahar Islomni targ’ib qilish va qaror toptirish yo’lida ham muhim rol o’ynagan. Buxorodan islomiyat va hadis ilmlarining yirik targ’ibotchilari va tasnifchilari (Imom Buxoriy va boshqalar) yetishib chiqdi. I slom huquqshunosligining Buxoro maktabi tashkil topdi. Buxoroning Islom dini, musulmon axloqi, madaniyati va huquqshunosligining Sharqdagi kuchli markazlaridan biriga aylanishi tufayli unga 9-asr boshlaridayoq “Qubbat ulislom” — “Islom dinining gumbazi” degan sifat ham beriladi. Narshaxiyning guvohlik berishicha, mashhur fiqhshunos (huquqshunos) olim Xoja Imom Abu Xafsi Kabir Buxoriy tufayli Buxoro “Qubbat ulislom” deb atalgan. O’rta asrlarda Buxoro faqat islomiyatdagina emas, balki ilmu ma’rifat va madaniyat tarqatishda ham Movarounnahrda yirik markaz sifatida shuhrat topdi. Buxoroda turli asrlarda bino qilingan 200 ga yaqin madrasalarda o’z davrida minglab tolibi ilmlar diniy va dunyoviy bilimlarni olib, butun O’rta Osiyo bo’ylab ziyo tarqatganlar. Shayx Sayfiddin Boharziy faoliyati tufayli Buxoroning shuxrati Islom olamida yana ham ko’proq tarqaldi. Shu sababli 13-asrdan boshlab unga yana bir sifat — “sharif” so’zi qo’yilib, u Buxoroyi sharif, ya’ni sharofatli Buxoro nomi bilan yuritiladigan buldi. Buxoro hukmdorlari tomonidan “Zarbi Buxoroyi sharif”, ya’ni “Buxoroyi sharifda zarb etilgan” deb bitilgan tamg’alar bilan oltin va kumush tangalar hamda mis chaqalar ishlab chiqarilgan. Mirzo Ulugbek tomonidan Buxoroda Chorsu maydonida qurdirilgan madrasa darvozasida hatto Arabcha “ilm olmakka intilish har bir Muslim va Muslima uchun qarzu farzdir” degan so’zlarning o’yib yozilishi, o’rta asrlarda, ayniqsa Temuriylar davrida ilm va ma’rifatga bo’lgan ijobiy munosabatning yorqin dalilidir.