“BUXOROTEKS” AKTSIYADORLIK JAMIYATI
“BUXOROTEKS” AKTSIYADORLIK JAMIYATI — to’qimachilik sanoati korxonasi. “O’zbekyengilsanoat” davlat uyushmasi tarkibiga kiradi. Buxoro shahrida joylashgan. 1970 yil qurilishi boshlanib, 1974 yilda 1-yigiruv to’quv fabrikasi, 1976 yilda ip bo’yash akasi, 1981 yilda 2-yigiruv fabrikasi, 1982 yilda 2-to’quv fabrikasi ishga tushirilgan. 1974-83 yillarda Buxoro ip-gazlama kombinati, 1984 yil Buxoro to’qimachilik kombinati, 1985-93 yillarda Buxoro ip-gazlama birlashmasi nomlari bilan atalgan. 1994 yildan hozirgi nomda va ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Ip, xom surp va tayyor gazmalar, shuningdek momiq sochiqlar ishlab chiqaradi. Yillik loyiha quvvati 22139 tonna paxta kalava, 126,5 million pogon metr xom surp, 128,6 million pogon metr tayyor gazlama. 1996 yilda 25,5 ming tonna kalava ip, 89,4 million pogon metr xom surp, 92,6 million pogon metr tayyor gazlama, 10,4 million dona sochiq ishlab chiqardi. Korxonada 9,3 mingdan ziyod kishi ishlaydi (2001). Korxona o’z mahsulotlarini AQSh, Shveytsariya, Germaniya, Gollandiya, Italiya, Turkiya, Avstriya, Rossiya, Ukraina, Belorussiya kabi davlatlarga eksport qiladi. “Buxoroteks” akstsiyadorlik jamiyati jahon andozalariga mos raqrbatbardosh va sifatli mahsulot ishlab chiqargani uchun “Oltin globus” xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan (1994). Korxonada Shveytsariya, Germaniya, Rossiya, Gollandiyada tayyorlangan zamonaviy uskunalar o’rnatilgan. G’ijduvon, Vobkent, Olot, Qorako’lda filiallari bor.