BUSHUEV QORAMOL ZOTI

BUSHUEV QORAMOL ZOTI — suti uchun boqiladigan zot. O’zbekistonning Mirzacho’l (Sirdaryo viloyati) zonasida yetishtirilgan sersut va sermahsul qoramol. Bu zotni yaratishni M. M. Bushuev jaydari (zebusimon) sigirlarni golland zotining buqasi bilan, so’ngra uni shvis zoti bilan murakkab chatishtirish orqali boshlab bergan (1903-18). Bushuev qoramol zoti mollarining tusi oq, quloq va tumshuq atrofi qora yoki qizil, sigirlarining vazni 320-432 kilogramm, buqalariniki 700-750 kilogramm, yag’rinidan o’lchanganda balandligi 114-122 santimetr, tana uzunligi 139-159 santimetr, pocha aylanasi 15-17 santimetr, 300 kunlik sog’im davrida 2400— 2600 kilogramm, ayrimlari 3000 kilogrammgacha sut beradi. Sutyog’liligi 3,9—4,1%. 1948— 67 yillarda O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot institutida zotni takomillashtirish ishlari davom ettirildi. 1967 yilda Mirzacho’l zonasi uchun rayonlashtirilgan zot sifatida tasdiqlangan. Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari xo’jaliklarida ko’p boqiladi.