BUYUK IPAK YO’LI

BUYUK IPAK YO’LI — qadimda va o’rta asrlarda Sharq va G’arb mamlakatlarini ilk bor o’zaro bog’lagan Qitalararo karvon yo’li (miloddan avvalgi 2-asr — milodiy 15-asr). Buyuk ipak yo’li atamasi ushbu yo’ldan tashilgan qimmatbaho tovar — Xitoy ipagi bilan bog’liq. G’arb mamlakatlari uzoq vaqtgacha ipakchilik sir asrorlaridan bexabar bo’lishgan. Buyuk ipak yo’li atamasi qadimda ishlatilmagan. Buyuk ipak yo’lini tarixiy, geografik va madaniy jihatlarini ilmiy o’rganish amalda ko’plab mamlakat olimlari tomonidan 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Uni tadqiq etishga G’arbiy Yevropa, Rossiya va Yaponiya olimlari salmoqli hissa qo’shdilar. Xususan, Yaponiyada “Buyuk ipak yo’li entsiklopediyasi” nashr qilindi. 1877 yil mashhur nemis olimi Karl Rixtgofen o’zining “Xitoy” nomli yirik ilmiy asarida ulkan Yevroosiyo materiganing turli qismlarini bog’lovchi yo’llar tizimini “Ipak yo’li” deb atagan, keyinchalik “Buyuk ipak yo’li” atamasi qabul qilingan. Miloddan avvalgi 2-asrgacha ham Sharq bilan G’arb o’rtasida O’rta Osiyo karvon yo’llari orqali amalga oshirilgan aloqalar mavjud bo’lgan. Bunga Tog’li Oltoydagi Poziriq qo’rg’onidan topilgan Kichik Osiyoda tayyorlangan buyumlar, Afg’oniston va O’rta Osiyodan topilgan yunon buyumlari misol bo’lishi mumkin. Iskandar Maqduniy saltanati tuzilishi bilan bu aloqalar to’g’ri yo’lga solingan. Buyuk ipak yo’lining Sharqiy qismini barpo etishda sug’diylar katta rol o’ynaganlar. Iskandar Maqduniy tomonidan Sug’diyona mamlakati istilo etilishi bilan ko’plab sug’diylar sharqqa tomon ko’chganlar va Buyuk ipak yo’lining Markaziy qismini — O’rta Osiyodan tortib Xitoyning Chanan shahrigacha bo’lgan oraliq masofada savdo faktoriyalari (manzilgohlari) bunyod etganlar. O’z navbatida xan imperiyasi miloddan avvalgi 1-ming yillik oxirida o’z hududini O’rta Osiyo tomon kengaytirish siyosati yurgizib bu yo’nalishga alohida e’tiborini qaratadi va bu yo’l haqida ma’lumot to’plash, ayg’oqchilik va diplomatik maqsadlarida elchi Chjan Szyanni yuboradi. Ammo Suriyadagi O’rta dengizning sharqida joylashgan Gierapol shahridan Serika (Xitoy)gacha bo’lgan masofa bo’ylab tuzilgan dastlabki batafsil yo’llik makedoniyalik savdogar may Tisian (milodiy 100 yil) tomonidan tuzilgan. Bu ma’lumotlar Klavdiy Ptolemeyning “Geografik qo’llanma”sida saqlangan. Ptolemey esa o’z navbatida bu ma’lumotlarni tarixchi Marinning taxminan 107— 114 yillar oralig’ida yozilgan va bizgacha yetib kelmagan asarlaridan olgan. Ushbu ma’lumotlarga ko’ra, Buyuk ipak yo’li 2 katta qismga bo’lingan: Gierapoldan Toshminor (Toshqo’rg’on)gacha va Toshminordan Serikagacha. Yo’lning O’rta Osiyo qismlariga (hozirgi Turkmanistonning Janub va Afg’onistonning shimoli g’arbida joylashgan qadimgi viloyat) dan boshlangan. Ariyadan yo’l shimolga Marg’iyonadagi Antioxiyaga (Bayramali shahri yaqinidagi ko’hna Marv shahri xarobasi) ketgan, so’ngra sharqqa burilib Baqtra (shimoliy Afg’onistondagi Balx shahri) ga borgan. Bu yerdan yo’l shimol tomon yo’nalib Termiz atrofida Amudaryodan o’tilgan va so’ngra 2 tomonga ketilgan. 1-si, shimoliysi bo’ylab Temir darvoza orqali Marokanda (Samarqand)ga, u yerdan Farg’onaga ketilgan. 2-si, Janubiysi esa Surxondaryo vodiysi bo’ylab komedlarning tog’li o’lkasiga (hozirgi Qorategin) olib borgan. Har ikki yo’nalish ham Toshminorga olib borgan. Uni ayrim olimlar Toshkent hududida, boshqalari olay vodiysida joylashgan deb hisoblaydilar. Toshminordan so’ng yo’l O’rta Osiyo hududidan tashqariga chiqqan, Ergashtom atrofida “savdogarlar qo’nimgohi” joylashgan, so’ngra yo’l Taklamakon cho’lidan o’tib Dunxuanga, so’ngra Xitoyning qadimgi poytaxti — Chananga olib borgan. Bu yerdan yo’l ehtimol shimoli g’arbga Koreya va Yaponiyaga ketgan bo’lsa kerak. Milodiy 5-8-asrlarda Buyuk ipak yo’lining Yettisuv orqali Choch (Toshkent vohasi), Sug’d, so’ngra Poykend, Marv bo’ylab Eron Xurosoniga eltuvchi shimol qismi muhim ahamiyat kasb etgan. Ayni shu davrda Eron orqali Vizantiyaga ipak olib o’tish taqiqlanganligi munosabati bilan Sug’d savdogarlari Vizantiya va Turk xoqonlari vositachiliklarida Sug’d va Xorazmdan Kaspiy dengizini aylanib o’tib, shimoliy Kavkazdagi dovonlardan oshib qora dengiz va keyinchalik Konstantinopolgacha olib boruvchi yangi yo’l tarmog’ini ochadilar. G’arbda yuksak kadrlangan, qiymati jihatidan oltin va qimmatbaho toshlarga tenglashtirilgan ipak vositasida vizantiya imperatorlari Yevropadan jangchilar yollashgan va qo’shni “varvar” — german va slavyan qabilalarining hukmdorlarini o’z tomonlariga og’dirib olishgan, chunki ipak ularda yanada qadrliroq sanalgan. Ipak bu paytda 3 buyuk davlat: Vizantiya imperiyasi, Sosoniylar Eroni va buyuk Turk xoqonligi o’rtasidagi iqtisodiy raqobat ob’yektiga aylangan. Biroq, bu “ipak” yo’li aftidan uzoq vaqt mavjud bo’lmagan, chunki 6-asr 2-yarmida Xitoy ipak ishlab chiqarish bo’yicha monopol huquqdan mahrum bo’lgan, asr oxirida esa Vizantiya shu qadar ko’p miqdorda ipak yetishtirar ediki, uni Xitoydan keltirishga hech qanday ehtiyoj qolmagan. Vizantiya ipak sanoatini barpo etilishi va uni asta-sekin Zakavkaze va O’rta dengiz mamlakatlariga tarqalishi bilan Buyuk ipak yo’lining tarixi tugaydi. Keyingi asrlarda, ayniqsa mo’g’ullar saltanati davrida garchand Sharq bilan G’arbni bog’lovchi karvon yo’li mavjud bo’lgani haqida ko’plab dalillarni keltirish mumkin bo’lsada, lekin “ipak yo’li” nomini unga shartli ravishda qo’llash mumkin, chunki bu yo’lning ahamiyatini endilikda ipak emas, boshqa tovar va maqsadlar belgilar edi. 1987 yil YUNESKO madaniy taraqqiyot bo’yicha BMTning umumjahon dekadasi doirasida “Ipak yo’li — muloqot yo’li” xalqaro dasturini qabul qildi. Bu dastur O’rta Osiyo xalqlari boy madaniy tarixlarini keng qamrovda tadqiq etishni nazarda tutadi. Biroq uning asosiy maqsadi — Sharq bilan G’arb o’rtasida yanada mustahkamroq madaniy va iqtisodiy aloqalar o’rnatish, ushbu buyuk qit’alarda yashovchi ko’p sonli xalqlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni yaxshilashdan iborat. Ko’plab (30 dan ziyod) xalqaro ilmiy konferentsiya (jumladan, Samarqand, 1990 yil oktabr; Buxoro, 1996 yil Fevral) va seminarlar o’tkazildi. Buyuk ipak yo’li bo’ylab birgalikda xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirildi, kinofilmlar yaratildi, kitoblar, broshyuralar va maqolalar chop etildi, ba’zi arxeologik va me’moriy yodgorliklar ta’mirlandi. Ba’zi bir Sharq mamlakatlarida (Hindiston, Xitoy, O’zbekiston, Shri Lanka, Yaponiya) Buyuk ipak yo’lini o’rganish bo’yicha maxsus ilmiy institutlar barpo etilgan. Masalan, BMT va Yunesko qaroriga ko’ra, Samarqand shahrida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti ochilgan. 1997 yil mayda O’rta Osiyoni Eron bilan bog’lagan Saraxs — Mashhad temir yo’l uchastkasi qurilishi tugallandi, bu bilan O’rta Osiyo mamlakatlari Fors qo’ltig’iga, Yevropa mamlakatlari esa O’rta Osiyoga chiqish imkoniga ega bo’ldilar. Ilmiy va madaniy dasturlardan tashqari Buyuk ipak yo’lini tiklash bo’yicha jahonshumul ahamiyatga ega bo’lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Navbatdagi vazifa — O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi temir yo’l uchastkasini qurishdir. Mana shu reja amalga oshgudek bo’lsa, Atlantika okeanidan tortib tinch okeanigacha bo’lgan masofada Buyuk ipak yo’lining “temir yo’l” varianti to’la tiklangan bo’ladi. O’zbekistonda Buyuk ipak yo’lini tiklashga katta e’tibor qaratilmoqda. 1995 yil 2 iyunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Buyuk ipak yo’lini qayta tiklashda O’zbekistonning ishtirokini avj oldirish va respublikada xalkaro sayyohlikni rivojlantirish borasidagi choratadbirlar to’g’risidagi farmoni e’lon qilindi. Ad.: Rtveladze E., Velikiy shelkoviy put, T., 1998. Edvard Rtveladze, Faxriddin Hasanov.