BUYUK KANAL
BUYUK KANAL (xitoycha Dayunxe — kemalar qatnaydigan daryo) — kema qatnaydigan kanal, Xitoyning yirik gidrotexnika inshootlaridan biri. Ikki yirik Tyantszyan va Shanxay portlarini bog’laydigan kanal. Pekin shahri yaqinidan boshlanadi, Xuanxe, Xuayxe va Yantszi daryolarini kesib o’tib, Xanchjou shahrigacha keladi. Uzunligi 1782 kilometr. Buyuk kanalga tabiiy suv yo’llaridan — Bayxe daryosi, Veyshanxu ko’li va boshqa suv havzalari ham kiradi. Buyuk kanal miloddan avvalgi 6-asrda qazila boshlagan kanallar o’rnida 13-asrda qurib tugallandi. Keyingi yillarda qisman rekonstruktsiya qilindi. Asosiy portlari: Yanchjou, Suchjou, Usi, Xanchjou. Asosan ko’mir, don, paxta, yog’och tashiladi.