BUG’ MASHINASI
BUG’ MASHINASI — birlamchi porshenli dvigatel; bunda siqilgan suv bug’ining potentsial energiyasi mexanik ishga aylanadi. Uzluksiz ishlaydigan Bug’ mashinasi loyihasini I. I. Polzunov ishlab chiqqan (1763). Universal dvigatel sifatida 1774-84 yillarda J. Uatt yaratgan. 19-asr oxirigacha sanoat va transportda yagona dvigatel bo’lgan. Bug’ mashinasini rivojlantirish ishi fabrika va zavodlar, elektr stansiyalari, parovoz, kema va lokomobillar uchun, qishloq xo’jalik va mahalliy sanoat ehtiyojlari uchun statsionar Bug’ mashinasi yaratishga olib keladi. Bug’ mashinasining tortish xarakteristikasi yaxshi, ortiqcha nagruzka va reverslashga moslashuvchan, puxta va oddiy tuzilgan. Quvvati 15 MVt gacha, f. i. k. 20-25% ga yetadi. Kamchiligi iqtisodiy samaradorligi pastligi va quvvati cheklanganligidir.