BUG’ QOZONI

BUG’ QOZONI — yoqilg’i yoqqanda o’choqda ajraladigan issiqlik hisobiga bosimi atmosfera bosimidan yuqori bo’lgan bug’olinadigan qurilma. Ko’pchilik Bug’ qozonida ish jismi sifatida suv ishlatiladi. Bug’ qozoni ikki yo’nalishda rivojlangan: 1) gaz quvurli qozonlar yaratilgan (bunda tsilindrik qozonga avval uchtagacha katta diametrli o’t quvurlar, so’ngra o’nlab kichik diametrli tutun quvurlari qo’yilgan); 2) qozonni tashkil etuvchi tsilindrlar sonini ko’paytirish yo’li bilan suv quvurli qozonlar yaratilgan. Avval nisbatan katta diametrli tsilindrlar sonini 3-9 tagacha oshirilgan (batareyali qozonlar), keyinchalik diametrlari uncha katta bo’lmagan o’nlab va yuzlab tsilindrlar o’rnatilgan. Ular suv qaynatish quvur (truba)lari hisoblanadi. Kichik diametrli tsilindrlar dastlab gorizontga nisbatan 12° gacha burchak ostida qiya o’rnatilib, kameralar yoki sektsiyalar vositasida bir to’p qilib birlashtiriladi va ustida joylashgan gorizontal barabanlarga biriktirilib, gorizontal suv quvurli qozonlar yaratidtsi. Keyinchalik to’g’ri qaynatish quvurlari tik yoki qiya o’rnatilib, bular vositasida yuqorigi va pastki gorizontal barabanlar birlashtirildi; to’g’ri quvurlar bilan almashtirila boshlandi, qozon barabanlarining soni esa tobora kamaytirildi. Hozirgi vertikal suv quvurli qozonlarda faqat 1 yoki 2 baraban bo’ladi. To’g’ri oqimli barabansiz qozon ham suv quvurli qozon hisoblanadi. Bug’ qozoni rivojlanishi bilan bir qatorda qozon agregatlarining bug’ hosil qilishi, bug’ parametrlari va undagi f.i.k. ham osha boradi. Qozon agregatlarining f.i.k. 9395%, bug’ hosil qilishi 2500 t/soatgacha (temperatira 570° va bug’ bosimi 25 MPa bo’lganda) yetadi.