BUG’-GAZ TURBINALI QURILMA
BUG’-GAZ TURBINALI QURILMA —bug’ va gaz turbinalarining ish tsikllari birlashtirilgan energetik qurilma. Unda ish jismi sifatida yoqilg’ining yonish mahsulotlari, qizdirilgan havo (gaz turbinasida), bug’ (bug’ turbinasida) yoki bir turbinaning o’zida bug’ gaz aralashmasidan foydalaniladi. Afzalligi ish jismining boshlang’ich temperaturasi bug’ turbinali qurilmalardagiga qaraganda ancha yuqori, tarmoqqa boradigan issiqlik temperaturasi esa gaz turbinali qurilmalardagidan ancha past bo’ladi. Bug’-gaz turbinali qurilmaning bir necha sxemasi bor. Aralash sxemali qurilmalar eng ko’p tatbiq etiladi. Bularda yoqiladigan barcha yoqilg’i (tabiiy gaz, mazut) ning faqat 20 foizi gaz turbinasining yonish kamerasiga beriladi. Tarkibida foydalanilmagan kislorod bo’lgan yonish mahsulotlari gaz turbinasidan o’tib, bug’ qozoni o’chog’iga keladi va u boshqa har xil sifatli yoqilg’i bilan qo’shilib yonadi. Bug’-gaz turbinali qurilma f.i.k. 32% gacha bo’lgani holda nisbatan kam kapital mablag’ talab etadi.