BO’Z
BO’Z, karbos — bo’sh pishitilgan paxta ipidan sodda to’qilgan mato; qalin, pishiq va tana haroratini bir xilda saqlaydigan mahalliy ip gazlama. Qadimdan qo’l dastgohdarida to’qilgan. Yozma manbalarda boshqa matolar qatori Bo’z ham ko’p tilga olingan: “qali atlas keysang unutma bo’zung” (A. Yugnakiy, 11-asr). Bo’zning “Etaklik Bo’z”, “sedrak Bo’z”, “Qali Bo’z” navlari farqlangan; musulmon Sharqida qizil Bo’z “alkirbos” nomi bilan mashhur. 17-asrda Turkistondan Moskvaga jo’natilgan matolar orasida “byaz” nomi bilan tilga olingan, qizil Bo’z esa “Kumach” deb atalgan. 19-asr boshida buxorolik to’qimachilar Astraxon, Vyatka, Qozon gubernyalarida qurgan ustaxonalarda Bo’z to’qib sotilgan. Bo’z Turkistonda qo’lda to’qilgan matolar orasida xaridorbop mato bo’lgani uchun mahalliy aholi orasida keng tarqalgan. Buxoroda Bo’z sotiladigan maxsus rasta — “bozori karbos” bo’lgan. Bo’zning oq, malla, rangin (Nil bo’yoqqa bo’yalgan) xillari bor. Chitgarlar risolasida (19-asr) Bo’zning qora, sariq, yashil, kulrang, binafsha, oq va boshqa xillari ishlanishi qayd etilgan. Oq Bo’zning ba’zi xillari oharlangan va yaltiratib pardozlangan, ba’zilari Paxmoqqa o’xshash tukli bo’lgan (tukli yuza o’ta qalin arqoq iplarga maxsus ishlov berilishi natijasida hosil qilinadi). Bo’zdan ichki ko’ylaklar va boshqa xil kiyimlar, kashta tikilgan buyumlar, gul bosib bezatilgan dasturxon, choyshablar tayyorlangan. Sayyora Mahkamova.
BO’Z — Markaziy Farg’onaning Sharqiy qismidagi dasht. Andijan viloyati hududida. Relefi tekis, botqoq, sho’r yerlardan iborat. Maydoni 110 kilometr kvadrat chamasida. Taxminan 4000 gektar yer sho’rxok. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -3°, minimum temperatura -26°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27°, maksimum temperatura 40°. Vegetatsiya davri 240 kun. Yillik yog’in miqdori 100-150 millimetr. Yog’inning 35% dan ortig’i dekabr — Fevralga to’g’ri keladi. Bo’z hududida oqar suv yo’q. Tuprog’i sug’oriladigan o’tloqi, o’tloqi botqoq va sho’rxok tuproqlardan iborat. Qamish, beda, sho’ra o’sadi, ahyon ahyonda butalar uchraydi. Ekinzor va bog’lar katta Farg’ona, Oxunboboyev nomli kanallardan sug’oriladi. Bo’zning o’zlashtirilgan yerlarida Andijon viloyatining bo’z tumani, qisman Farg’ona viloyatining Oxunboboyev, Oltiariq tumanlari joylashgan. Aholi paxtachilik, sabzavotchilik, bog’dorchilik va qisman sholikorlik bilan shug’ullanadi.
BO’Z — Andijon viloyatidagi shaharcha (1983 yildan). Bo’z tumaninnt markazi. Aholisi 11,7 ming kishi (1999). Bo’z qadimgi qishloqlardan bo’lib, 1950 yilgacha Nasriddinbek deb atalgan. Bo’zda 2 sanoat korxonasi (paxta tozalash zavodi va “Zafar” aktsiyadorlik jamiyati), avtokorxona, avtokolonna, elektr va pochta aloqasi korxonalari, 3 mexanizatsiyalashgan ko’chma kolonna, 2 qurilish ta’mirlash va yo’l ta’mirlash bo’limi faoliyat ko’rsatadi. Pedagogika va tibbiyot bilim yurtlari, hunar litseyi, madaniyat saroyi, bolalar kutubxonasi, stadion, bolalar va o’smirlar sport maktabi, 365 o’rinli kasalxona, poliklinika bor.