BYUROKRATIYA

BYUROKRATIYA (Fransuzcha bureau byuro, idora; Yunoncha kratos — kuch, hokimiyat, hukmronlik) — dastlab hukumat idoralarining rahbarlari va amaldorlari hokimiyati; keyinchalik jamiyatning turli sohalarida paydo bo’lgan yirik tashkilotlardagi xizmatchilar qatlamini ifodalagan. Boshqaruv va ma’muriyatning zarur qismi sifatida Byurokratiya alohida ijtimoiy qatlamga aylanib boradi. Byurokratiyaga xos xususiyatlar: quyi mansabdorlarning yuqori mansabdorlarga bosqichma bosqich bo’ysunishi, qattiq ish tartiboti, maxsus ma’lumotni taqozo etuvchi rasmiylashgan vazifalarni amalga oshirishda mehnat va mas’uliyat taqsimoti. Tashkilot ko’pchilik a’zolarining mustaqil ravishda imtiyozli qatlamga aylanishga intilishi oqibatida rasmiyatchilik, o’zboshimchalik, avtoritarizm va sharoitga moslashish kuchaya boradi, tashkilotning tartibqoida hamda maqsadvazifalariga bo’ysundirilishi asosan Byurokratiyani mustahkamlash va saqlab qolish uchun xizmat qiladi. Bu hol ayniqsa avtoritar tizimlarda yaqqol namoyon bo’ladi. Mansabdor shaxs tomonidan o’z vazifasiga vijdonsizlik va sovuqqonlik bilan karat, fuqarolarning taklif, ariza va shikoyatlarini ko’rib chiqish tartibini buzish, ularga to’ralarcha munosabatda bo’lish hollari davlat va jamiyat manfaatlariga, fuqarolarning qonun b-ilan qo’riqlanadigan huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Demokratik jamiyat Byurokratiyaning mazkur salbiy xususiyatlarini bartaraf etish va cheklashga qaratilgan nazorat hamda boshqaruv shakllarini ishlab chiqishga harakat qiladi. Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi mansabdor shaxslarning jinoyatlari tegishlicha jarima solish, muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikdan mahrum etish kabilar bilan jazolanadi (VII bob). O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan hatti harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to’grisida”gi Qonuni (1995 yil 30 avgust) ham har bir fuqaro o’z huquqlari yoki erkinliklari buzilgan, deb hisoblasa, shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqini ta’minlaydi.