BYUST
BYUST (lotincha bustum — kuydirish joyi, Fransuzcha buste —maqbaradagi haykal) — odamning ko’krakdan yuqori — bosh qismi tasvirlangan haykal, mukammal haykaltaroshlik asari. Dastlab Misr va Yunonistonda paydo bo’lgan, so’ng Qadimgi Rimda portret san’ati sifatida shakllangan (mujassamotiga taglik ham qo’shilgan). Uyg’onish davri san’atida keng tarqalgan. Donatella Deziderio da Settinyano, L. Bernini, J. A. Gudon, O. Roden va boshqalar, Rossiyada F. Shubin, S. Galberg va boshq eng yaxshi Byust namunalarini yaratgan. O’zbekiston hududida milodiy 1-asrdan boshlab Byust haykallar yaratilgan. Masalan, Ayritomdan topilgan musiqachilar (2-asr), Qo’ykirilgan qal’adan topilgan ostadon qopqog’iga ishlangan erkak boshi (2-3-asrlar), Samarqanddan topilgan ostadonning haykal qismi (6-7-asrlar). 20-asr o’zbek haykaltaroshligida taniqli jamoat, madaniyat va san’at arboblarining Byustlari (A. Shoymurodov, “Mehnat qahramoni Sh. Qudratov”; H. Husniddinxo’jayev, “Mannon Uyg’urt”, “Hamza”; A. Ahmedov, “Komil Yormatov”; Ya. Shapiro, “Shukur Burhonov” va boshqalar), shuningdek inson, ayol go’zalligi tarannum etilgan Byustlar (N. Feodoridis, “Ayol”; E. Tojiboyev, “Oydin” va boshqalar) ham yaratildi.