BYUDJET
BYUDJET (inglizcha budget — hamyon, mablag’) — belgilangan muddat (yil, kvartal) uchun ishlab chiqilgan, me’yorlashtirilgan hamda qonuniy ravishda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar yig’indisi. Byudjet davlat darajasida, shuningdek viloyat, tuman (mahalliy hokimiyat), xo’jalik sub’yektlari, oila yoki shaxs darajasida tuzilishi mumkin. Byudjetni tuzish va belgilangan tartibda tasdiqlash o’z navbatida uning amal qilishi hamda bajarilishi ustidan nazorat yuritishni talab qiladi. Byudjetda xarajatlarning daromadlardan ortib ketishi Byudjet taqchilligi muammosini keltirib chiqaradi, shu bois doimiy ravishda ularning muvofiqligi ta’minlab boriladi. O’zbekiston Respublikasining Byudjet tizimi tuzilishi va uni boshqarish asoslari, davlat byudjetini tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish, ijro etish tartibi va boshqa masalalar O’zbekiston Respublikasining “Byudjet tizimi to’g’risida” qonuni (2000 yil 14 dekabr) bilan tartibga solinadi.