O’RMON
O’RMON — bir-biriga va o’sish sharoitiga ta’sir etuvchi va geografik Landshaft elementini hosil qiluvchi daraxtsimon o’simliklar majmui; yer o’simlik qoplamining asosiy tiplaridan biri, biosferaning tarkibiy va juda muhim qismi. O’simliklarning ko’pgina hayotiy shakllaridan iborat bo’lib, bular orasida daraxt va butalar asosiy, o’tlar, butachalar, yo’sinlar, lishayniklar va hokazo ikkinchi darajali rol o’ynaydi. O’rmon Antarktidadan tashqari hamma qit’alarda o’sadi, yer sharidagi quruqlikning 30% ni ishg’ol qiladi. Yerning O’rmonli maydoni 4 milliard gektar maydonni egallaydi (O’zbekistonda 8,5 million gektarni tashkil etadi, 2004). O’sish sharoitiga qarab, ko’pchilik daraxt turlari qimmatli o’rmon formatsiyasi (masalan, qarag’ayli O’rmon., kedrli O’rmon., oqqarag’ayli O’rmon, tilog’ochli O’rmon va hokazolar) ni hosil etadi. O’rta Osiyoda archazor O’rmonlar ko’p. O’rmonlar turli zonalarda tog’ va daryo qayirlarida ham tarqalgan. O’rmonning tur tarkibi, muhim o’simliklarning biologik xususiyatlari, yoshi va ma’lum tabiiy-geografik sharoitiga qarab o’simliklarning bir nechta pogonasi rivojlanadi. Motadil mintaqa O’rmonlari tarkibi bo’yicha: birinchi kattalikdagi daraxtlar va O’rmon hosil qiluvchi dov-daraxtlar (qarag’ay, qoraqarag’ay, tilog’och, eman, shumtol)dan iborat 1-pog’ona, ikkinchi kattalikdagi daraxtlar (oqqarag’ay, qoraqayin, lipa, zarang va boshqalar)dan iborat 2-pog’ona, butalar (o’rmon yong’og’i, itjumrut, normushk va boshqalar)dan iborat 3-pog’ona hamda o’tbutachali va yo’sinlishaynikli qoplamadan iborat 4-5 (quyi) pog’onalar bo’ladi. O’rmonda ba’zan, pog’onalarga kirmaydigan chirmashuvchi va ilashuvchi o’simliklar ham uchraydi. O’rmon tabiiy (urug’idan, vegetativ, Bachkisidan) hamda sun’iy (urug’ yoki ko’chat ekib) yo’l bilan tiklanadi. Tabiiy o’rmonlar asosiy maydonni egallaydi. O’rmon tarkibi va rivojlanishiga ko’ra bir qancha tiplarga ajratiladi. Har bir tip muayyan bir turdagi daraxtlar, butalar, shuningdek, o’tlar, butachalar, yo’sin va lishayniklardan iborat. O’sish mintaqalariga ko’ra, O’rmonlar shim. yarim sharda tropik, subtropik, geografik zonallikka ko’ra tundra, tayga, dasht, cho’l, to’qay va boshqalar, o’simlikdaraxtlar tarkibiga ko’ra qarag’ay, archa, qayin, eman va hokazol O’rmonlariga bo’linadi. O’rmonning rivojlanishi tuproq, iqlim sharoiti, hayvonlar ishtiroki va roli, insonning bevosita aralashuvi bilan bog’liq. O’rmondan unumli foydalanilsa, yetilgan daraxtlar tanlab qirqilsa, O’rmon uzoq yashaydi, yaxshi tiklanadi. O’rmon, o’z navbatida, tuproq sharoitiga, uning suv rejimiga, strukturasiga, organik va mineral moddalarning to’planishiga, tuproq unumdorligiga katta ta’sir ko’rsatadi. O’rmonda nam ko’pligi tufayli gumus (chirindi) mo’l to’planadi, tuproq tez ishqorsizlanadi, kislotaliligi ortadi, ildizlar chuqur tarqaladi. O’rmon yozgi, ayniqsa, qishki yog’inlarning taqsimlanishi va to’planishiga ta’sir ko’rsatib, o’simlik hamda hayvonlar uchun mikroiqlim yaratadi. Yerning O’rmon qoplami — tirik moddalarning planetar akkumulyatorlaridan biri bo’lib, O’rmon biosferada bir qator kimyoviy elementlar va suvni saqlab turadi, troposfera bilan o’zaro faol ta’sirlashadi va kislorod hamda uglerod balansi darajasini belgilaydi. O’rmonlar odamzod uchun kerakli bo’lgan kislorodning 60% ni ishlab chiqaradi. O’rmon rekreatsiya va sog’lomlashtirish ahamiyatiga ega. Tuproqni shamol va suv eroziyasidan, temir va avtomobil yo’llari, kanallar, qishloq xo’jaligi ekinlari ekilgan maydonlarni, aholi punktlarini turli noqulay tabiiy hodisalardan himoya qiladi. O’rmonlar tog’larda sel oqimlarining vujudga kelishiga yo’l qo’ymaydi, qor ko’chishi, tuproqlar siljishining oldini oladi. O’rmon yog’ochlaridan 20 mingdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqariladi. O’zbekiston Respublikasida O’rmonga oid munosabatlar 1999 yil 15 aprelda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining “O’rmon to’g’risida” qonuni bilan tartibga solinadi. Ad.: Xonazarov A.A., O’zbekistonda o’rmonzorlar barpo etish asoslari, T., 2002.