O’RMON XO’JALIGI

O’RMON XO’JALIGI — ijtimoiy ishlab chiqarish tarmog’i. O’rmonni o’rganish, o’stirish va qayta tiklash, hisobga olish ishlarini amalga oshiradi, o’rmonni yong’indan, zararkunanda va kasalliklardan muhofaza qiladi, xalq xo’jaligining yog’och va boshqalar o’rmon mahsulotlariga bo’lgan talablarini qondirish maqsadida o’rmon resurslaridan foydalanishni tartibga soladi. O’rmon xo’jaligining asosiy vazifasi biosferaning muhim tarkibiy qismi sifatida o’rmonlardan oqilona foydalanish va ularni asrash. O’rmon xo’jaligining asosiy tamoyillari o’rmondan, o’rmon resurslari va o’rmon fondi yerlaridan uzluksiz, to’liq va maqsadga muvofiq foydalanishni ta’minlash, o’rmonni o’z vaqtida tiklash, ularning mahsuldorligini va sifatini oshirish va boshqalar O’rmon xo’jaligida katta zaxiradagi etilgan daraxtlari ko’p o’rmonli mintaqalarda yog’och tayyorlash ishlarini o’rmon sanoatiga qarashli ixtisoslashgan xo’jaliklar olib boradi. O’rmon xo’jaligi o’rmonni o’rganish, hisobga olish, qayta tiklash, uni muhofaza qilish, o’rmondan foydalanishni tartibga solish ishlarini; yog’och tayyorlash va unga dastlabki ishlov berish ishlarini ham olib boradi. O’rmon xo’jaligining muhim xususiyati o’rmon yetishtirishning uzoq davom etishidir (2050 yil). O’zbekistonda zamonaviy ma’nodagi birinchi O’rmon xo’jaligi 1873 yil hozirgi Bo’stonliq tumani hududida tashkil etilgan. 1875 yilda Turkiston tog’tizmasining Molguzar tarmog’i yon bag’rida Zomin o’rmonzor dam olish maskani O’rmon xo’jaligi, 1890 yilda To’rtko’l O’rmon xo’jaligi ish boshladi. 1925 yilgacha respublikada umumiy maydoni 642,3 ming gektar bo’lgan 16 O’rmon xo’jaligi va 36 o’rmonzor dam olish maskanlari bor edi. 1996 yilda respublikada O’rmon xo’jaligi korxonalari, qo’riqxona va parklar soni 90 taga yetdi. O’zbekistonda Toshkent, Chirchiq, Bekobod, Sirdaryo, Samarqand, Zomin, Shofirkon, Peshku, Qorako’l, Qarshi, Qumdaryo, Koson, Yakkabog’, Termiz, Bobotog’, Denov, Uzun, Baxmal, Nukus, To’rtko’l, Farg’ona, Qo’qvn, Andijon, Namangan va boshqalar 70 ga yaqin O’rmon xo’jaligilari faoliyat ko’rsatadi. O’rmon xo’jaligi korxonalarining asosiy vazifalari o’rmonlarning umumiy ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda respublika o’rmon resurslarini qayta tiklash, qo’riqlash, xalq xo’jaligi uchun o’rmon mahsulotlari va dorivor o’simliklar etishtirish va tayyorlash, shuningdek, lalmikor yerlarda sun’iy o’rmon yaratish, sug’oriladigan maydonlarda ihota o’rmonlari tashkil etish, tog’lardagi tabiiy archa, pista, bodom, yong’oqzorlarni qayta tiklash, ularning hosildorligini oshirish va boshqalar respublikaning O’rmon xo’jaligi korxonalarida yiliga 50-60 ming metr kub yog’och, shu jumladan 2 ming metr kubdan oshiqroq binokorlikka yaroqli yog’och, 300 tonnadan ko’proq turli o’simlik, buta, daraxt urug’lari tayyorlandi. O’rmon xo’jaligida 36 dan ziyod yovvoyi dorivor va oziq-ovqat o’simliklari tayyorlanadi, respublikaning farmatsevtika va oziq-ovqat korxonalariga 700 tonnadan ziyod xom ashyo yetkazib beriladi. Respublikada O’rmon xo’jaligi sohasida davlat boshqaruvini O’zbekiston qishloq va suv xo’jaligi vazirligining o’rmonchilik bosh boshqarmasi va O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi amalga oshiradi. O’rmon xo’jaligi muammolari O’zbekiston o’rmon xo’jaligi instituti hamda o’rmon qurilish va loyiha izlanish korxonasida olib boriladi. Respublika O’rmon xo’jaligi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar Toshkent agrar universitetining O’rmon xo’jaligi fakultetida, Toshkent o’rmon-melioratsiya kollejida tayyorlanadi.