CHAYIR
CHAYIR, shair (Andropogon L.) — soyabonguldoshlarga mansub ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi; ozuqabop ekin. Tropik va subtropik mamlakatlarda 25 ga yaqin turi ma’lum. O’rta Osiyo, Qozog’iston, Kavkaz va Qrimda 2 turi (oddiy Chayir hamda Kavkaz Chayiri) o’sadi. Quruq dashtlarga moslashgan. Ildizi yo’g’on, etdor. Poyasi bitta, ba’zan ikki-uchta, yuqori qismidan shoxlangan. Gullari sariq, shoxlari uchidagi murakkab soyabon to’pgulga joylashgan. May oyida gullaydi, urug’i iyulda pishadi. 100 kilogramm ko’k massasi tarkibida 24,2 ozuqa birligi va 1,4 kilogramm hazm bo’ladigan protein (xashagida tegishlicha 37,7 va 3,3 kilogramm) bor. O’zbekistonning Nurota tog’i, Mirzacho’l hamda Qizilqumdagi past tog’larning Toshloq yon bag’irlarida o’sadi. Ildizlarida shirasmola, kraxmal, barglarida efir moyi bor. Smola xalk, tabobatida turli jarohatlarni davolashda, ilmiy tibbiyotda qon to’xtatuvchi vosita sifatida ishlatiladi. Barcha qishloq xo’jalik hayvonlari uchun yaxshi yem-xashak hisoblanadi.