CHAG’RIBEK

CHAG’RIBEK, Chag’ribek Dovud (turkcha Chag’ri — burgut) (990-1060.4.4, Saraxs) — Saljuqiylar davlati arbobi, sarkarda. Saljuqning nevarasi va Sulton To’g’rulbekning ukasi. To’g’rulbek bilan birgalikda ko’chmanchi o’g’uzlar — saljuqiylarning harbiy birlashmalariga boshchilik qilgan. 1035 yil mayda Saljuqiylar Chag’ribek va To’g’rulbek qo’mondonligida Amudaryoni kechib o’tib, Amul (Chorjo’y)ni egallagan va Nisoga yo’l olgan. G’aznaviylar davlashinshnt sultoni Mas’ud G’aznaviy ularga qarshi harbiy kuchlar jo’natgan. Bu jangda G’aznaviylar qo’shini mag’lubiyatga uchragach, Mas’ud G’aznaviy Chag’ribekka Dehiston (Kaspiy dengizining Sharqiy sohili), To’g’rulbekka Niso, Muso bayg’uga Farova viloyatlarini hamda ularga “dehqon” unvonini berishga majbur bo’lgan. 1036 yildekabrda Chag’ribek 4 ming qurolli otliqqa bosh bo’lib, G’ozon, gur, Siyohko’h orqali poytaxt G’aznani egallash uchun harbiy yurish qilgan. Chag’ribek Marv, Andxo’y, Shoburkon (Shibirg’on)ni zabt etib, bu yerlarda Saljuqiylar hukmronligini o’rnatgan. 1037 yil 22 aprelda Marvda Chag’ribek nomi xutbaga qo’shib O’qilgan va unga “Malik almuluk” va “Shahanshoh” unvonlari berilgan. Chag’ribek Saljuq amirlariga qarshi yuborilgan g’aznaviylarning Suboshi boshchiligidagi katta qo’shinini mag’lubiyatga uchratgan. Bu paytda Chag’ribek Balx viloyatini ham o’ziga bo’ysundirgan (1038 yil boshlari). U To’g’rulbek tomonidan butun Saljuqiylar ko’shinining Oliy bosh qo’mondoni qilib tayinlangan. To’g’rulbek Nishopurda Sulton deb e’lon qilingach (1038 yil iyun), u birodari Chag’ribekka Dehiston viloyati hokimligi va Marvni topshirgan. 1038 yilda Chag’ribekka Nishopurdan Amudaryogacha bo’lgan Xuroson, shuningdek, Movarounnahr va Xorazm hududlari tekkan. Chag’ribek keyinchalik Xorazm, Buxoro va Balxda ham o’z hukmronligini o’rnatdi. Dandanakon jangidsh so’ng To’g’rulbek Xuroson hukmdori deb e’lon qilingan. Chag’ribek Marvni, To’g’rulbek Rayni o’zlariga poytaxt qilishgan. Chag’ribek 1042-43 yillarda Xorazmga yurish qilib, poytaxt Kotni egallagan. Qipchoqlarni ham tobe qilib, ular o’rtasida Islom dinini tarqatgan. Keyinchalik Chag’ribek Qoraxoniylar xoqoni bilan sulh tuzgan. Manbalar: Sadraddin Ali alhusayni, Axbor addaulat asseldjukiyya (Zubdat attavorix), M., 1980; Abul-l Fazl Bayxaki, Istoriya Mas’uda (1030— 1041, 2izd), M., 1969. Ad.: Agadjanov G., Ocherki istorii oguzov i turkmen Sredney Azii IX—XIII vv., Ashxabad, 1969. Qahramon Rajabov.