CHILLAKI
CHILLAKI — 1) mahalliy ertapishar xo’raki uzum navi. Chillakining qizil Chillaki va oq Chillaki xillari bor. O’zbekistan, Tojikiston, Qirgizistonda tarqalgan. Sharqiy ekologik-geografik navlar guruhiga kiradi. Tupi o’rtacha o’sadi. Bargi mayda (diametri 8-10 santimetr), to’garak, chuqur kertikli, besh bo’lmali, to’q yashil, nafis, silliq. Guli ikki jinsli. Uzumi iyunning 2-yarmida pishadi. Uzum boshi 200-250 gramm, konussimon, tig’iz. G’ujumi o’rtacha, dumaloq (qizil Chillakiniki to’q qizil, oq Chillakiniki novvotrang sarg’ish), shirinligi o’rtacha, po’sti yupqa. Tarkibida 14-15% qand, 3-3,5% kislota bor. Hosildorligi 80-100 tsentner/gektar. Asosan, yangiligida iste’mol qilinadi. Zamburug’li kasalliklarga (ayniqsa, Qizil Chillaki) chidamsiz. Toshkent, Farg’ona, Samarqand viloyatlarida ko’p uchraydi; 2) ekinlarning ertapishar navlari.