CHILPISH
CHILPISH, chekanka, dekapitatsiya — o’simlikni bo’yiga o’sishdan to’xtatish, hosil to’plash va yetilishini tezlatish maqsadida o’sish nuqtasi yoki hosil novdaning uchki qismini olib tashlash; qo’shimcha agrotexnika tadbirlaridan biri. Chilpish shakllanayotgan hosilga oziq moddalarning yetib kelishini kuchaytiradi, ularning rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi. Asosan, g’o’za, tok, mevali daraxtlar, tamaki, kanakunjut, pomidor va boshqalar chilpiladi. G’o’zani Chilpishda uning poyasi va yon shoxlari uchi olib tashlanadi. Agrotexnik nuqtai nazardan yorug’lik va issiqlik rejimini yaxshilaydi, ko’saklarning ortiqcha to’kilib ketmasligiga, tupning yotib qolmasligiga yordam beradi, hosildorlikni 1-4% ga oshiradi. Tolaning yetilishini va chanoqning ochilishini tezlashtiradi. Odatda, Chilpish g’o’za yalpi ko’saklay boshlagan paytda — o’rta tolali g’o’zada 14— 16, ingichka tolali g’o’zada 20-22 hosil shoxi shakllanganda — iyulning o’rtalari — avgustning birinchi o’n kunligida o’tkaziladi. Asosiy poya uchi 4-6 santimetr, yon shoxlar uchi 2-3 santimetr uzunlikda chilpib tashlanadi. G’o’zani Chilpish qo’lda yoki maxsus Chilpish moslamalari, mashinalarda o’tkaziladi. Tokni Chilpish novdalarining pishishini tezlashtiradi, ularda oziq moddalarning to’planishiga yordam beradi, qishga chidamliligini oshiradi, yetarli yoruglik, havo, issiqlik ta’sirida g’ujumlari yirik, rangdor va shirali bo’ladi. Chilpish sug’oriladigan hosilli tokzorlarda yaxshi samara beradi. Toklar, birinchi marta sho’ra xomtokda (1-2 santimetr), asosan, ikkinchi marta avgustning 2-o’n kunligida novdalarning o’sish davri sekinlashganda chilpiladi, bunda novdalar uchining 1/3 — 1/4 qismi olib tashlanadi. Sabzavotchilikda bodring va pomidor (issiqxonalarda avgustda ekilgan pomidor 7— 9 shoxi ustidan) ni Chilpish g’ovlashga yo’l qo’ymay, hosil shox (palak) larini ko’paytiradi. Baklajon, Bryussel karami, urug’likka ekilgan lavlagi ham chilpiladi.