CHO’L

CHO’L — o’simlik dunyosining yaxshi rivojlanishiga yo’l bermaydigan doimiy quruq va issiq iqlimli o’lkalardagi biom tipi. Yer quruqlik qismining 20% dan ortig’ini egallaydi. Tuprog’i va yer yuzasini qoplagan yotqiziqlariga ko’ra quyidagi Cho’llar ajratiladi: qadimgi allyuvial tekisliklarning g’ovak jinslari ustidagi — qumli Cho’l, gipsli plato va tog’oldi tekisliklaridagi shag’alli va qumshag’alli Cho’l, gipsli plato va tog’oldi tekisliklaridagi chag’ir shag’alli gipsli Cho’l, pasttog’ va tepaliklardagi Toshloq Cho’l, kam karbonatli qumoq tuproqlar ustidagi qumoq Cho’l, tog’ etagi tekisliklaridagi lyossli Cho’l, tog’ etaklaridagi tekisliklar va daryolarning qadimgi deltalari o’rnidagi gilli taqir Cho’l, sho’r mergel va gil jinslardan tuzilgan past tog’lardagi gilli baland Cho’l, dengiz sohillari va sho’rxok depressiyalardagi sho’rxok Cho’llar. Cho’lning o’simlik turlari o’ziga xos. Ular qadimgi tur hosil bo’lish markazlaridan. Bu yerlarda kaynozoygacha bo’lgan endemiklar ko’p tarqalgan. O’simlik turlari Cho’llar yer yuzasining tuzilishi, tuproq tarkibi, namgarchilik miqdoriga bog’liq. Turli qit’alardagi Cho’l o’simliklarining tarqalishida o’xshashlik xususiyatlari ham bor; barcha yerda o’simlik siyrak, turi kam, katta maydonlarda bir xil o’simliklar o’sadi. Mo’tadil mintaqalarning materik ichkarisidagi Cho’llarida sklerofil tipdagi o’simliklar, jumladan, bargsiz buta ko’p. Ular orasida efemer va efemeroidlar muhim o’rinni egallaydi. Subtropik va tropik mintaqalarning materik ichkarisidagi Cho’llarida kserofil butalar va ko’p yillik o’t ko’p. Qumli Cho’llarning o’simlik dunyosi bir qadar boy, qumshag’alli Cho’llarda esa o’simlik kam bo’ladi. Sho’r qatqaloq bosgan Cho’llarda o’simlik umuman o’smaydi. Subtropik Cho’llarning o’simlik dunyosi ancha boy. Bu yerlarda pakana akatsiya va evkaliptlar o’sadi, shag’al aralash chag’ir toshli Cho’llarda sho’ra va sho’radoshlar uchraydi. Okean sohillaridagi subtropik va tropik Cho’llarda sukkulent tipidagi o’simlik ko’p. Osiyoning mo’tadil mintaqa cho’llaridagi daryo vodiylarida barg to’kuvchi daraxtlar — turang’il, terak, tol, jiyda, subtropik va tropic mintaqalardagi daryo vodiylarida doim yashil o’simliklar —palma va tolgullar o’sadi. Potihkamol G’ulomov.