Niderlandiya

Rasmiy nomi — Niderlandlar Qirolligi. Poytaxti — Amsterdam. Hududi — 41548 km.kv. Aholisi — 16,4 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — golland. Dini — katoliklar (34%) protestantlar (25%), islom (3%). Pul birligi — yevro. Geografik joylashuvi va tabiati. Yevropaning shimoli g’arbida joylashgan davlat. Janubda Belgiya bilan (chegara uzunligi — 450 km), sharqda Germaniya bilan (chegara uzunligi — 577 km) chegaradosh. Shimolda va g‘arbda Niderlandiya (boshqa nomi — Gollandiya). Shimoliy dengizga tutashib ketgan. Chegarasining umumiy uzunligi — 1027 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi esa — 451 km. Mamlakat asosan qirg‘oqbo‘yi pasttekisliklarida va quritilgan yer (poldera) uchastkalarida joylashgan. Mamlakat hududining 2/5 qismi dengiz sathidan pastda (ayrim joylari dengiz sathidan 5 m pastda) joylashgan. Janubi sharqqa qarab bu sath yuqorilab boradi. Mamlakatning eng yuqori nuqtasi Vaalserberg (321 m).  Asosiy daryolari — Reyn irmoqlari bilan, Maas, Shelda. Eng yirik ko‘li — Eysselmer. Mamlakat hududi­da tabiiy gaz va neft konlari bor. Ishlov beriladigan yerlar umumiy hududining 26%ini (serhosil, unumdor yerlar mamlakatning eng muhim tabiiy resurslaridan biri hisoblanadi), o‘tloq va yaylovlar esa 32% ni tashkil qiladi.  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitutsion monarxiya. Mamlakat tarkibida 12 ta provinsiya bor. Mamlakat poytaxti Amsterdam bo‘lishiga qaramasdan hukumat Gaagada joylashgan. Gollandiya 1579-yili Ispaniyadan mustaqillik olgan.  Milliy bayrami — 30-aprel Qirolicha kuni. Davlat boshlig‘i — monarx (Qirolicha Beatriks Vilgelmina Armgard fon Oratshen-Nassau 1980-yil 30-apreldan buyon hokimiyat tepasida). ljroiya hokimiyat Ministrlar Kabinetining boshlig‘i premyer-ministrga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat monarx va parlament (General Shtatlar) tomonidan amalga oshiriladi. Parlament 2 palata — Birinchi va Ikkinchi palatadan iborat. Siyosiy partiyalari: Xristian demokratik chaqiriq, Mehnat partiyasi, Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasi, So‘l yashillar. Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Mamlakatning yuqori taraqqiy etgan iqtisodiyotida savdo va moliyaviy xizmatlar sektori YIMning yarmidan ko‘prog‘ini ta’minlaydi. Sanoatda esa (YIM 1/4 qismi) tabiiy gaz, neft qazib olish va neftni qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, metallga ishlov berish va mashinasozlik (elektrotexnika va radiotexnika sanoati, kemasozlik) sohalari peshqadam hisoblanadi. Yuksak mexanizatsiyalashtirilgan qishloq xo‘jaligida mehnatga layoqatli aholining 5%i band bo‘lsa-da, bu soha nafaqat mamlakatni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi, balki yetishtirilgan mahsulotning katta qismini (sut mahsulotlari, gullar, gul qalamchalari, sabzavotlar) chetga eksport qilish imkonini beradi. 2012-yil YIM miqdori 647,1 mlrd AQSH dollarni (aholi jon boshiga – 39,5 mln AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari — YI mamlakatlari, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari.  Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 2757 km (shundan 1991 km elektrlashtirilgan). Gollandiya keng tarmoqli avtomobil yo`llariga ega bo‘lib, ularning umumiy uzunligi 104 831 km (shundan 9251 km qattiq qoplamali yo‘llar). Ichki suv yo‘llarining umumiy uzun­ligi — 6340 km.    Asosiy portlari — Amsterdam, Rotterdam.   Tarixi. Kelt qabilalari kelib o‘rnashgan hozirgi Niderlandiya hududlari m. a. I asrda rimliklar tomoni­dan bosib olingan. IV-V asrlarda varvarlar bosqinidan so‘ng etnik guruhlar quyidagicha joylashdilar: sakslar — sharqda, frizlar — qirg‘oq bo‘yida va franklar -mamlakat janubida. Xristianlik mamlakatga Buyuk Karl boshqaruvi davrida kirib keldi. Imperiya qulaganidan so‘ng Gollandiya 1843-yili Latoringiya tarkibiga kirdi. XIV asrda golland yerlari Burgundiya gersogi Filipp Dovyurak Flandriya grafinyasi Margaritaga uylanganidan so‘ng Burgundiyaga qo‘shildi. XV asr oxirlarida Gollandiya gabsburglar qo‘l ostiga, keyinroq fransuzlar qo‘l ostiga o‘tdi. Fransuz qiroli Filipp Chiroyli ispan taxti vorisiga uylanganligi sababli Gollandiya Ispaniya hukmronligi ostiga o‘tib qoldi. Ispaniya qiroli Karl V 1555-yili Filipp II foydasiga taxtdan voz kechdi. 1579- yili protestantlik cherkovi tarafdorlari             7 respublikadan iborat federatsiya — Utrext ittifoqini tuzdilar. 1581-yili bu ittifoq o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 1648-yili Ispaniya Shimoliy Brabant va Flandriyani Niderlandiyaga berdi. XVII asrda Niderlandiya kuchli dengiz davlatiga aylandi va tez orada uning manfaatlari Britan imperiyasi manfaatlari bilan to‘qnashdi. 1794-yili Niderlandiyani Fransiya bosib oldi va uning hududida Bataviya respublikasini tuzdi, 1806-yilda esa Gollandiya qirolligini tuzdi va uni Napoleon Bonapartning akasi Lyudovik idora qildi. 1814-yili Vena kongressi qaroriga ko‘ra Niderlandiya qirolligi tuzilib, unga birlashgan provinsiyalardan tashqari Belgiya va Lyuksemburg ham kirdi. 1830-yilgi inqilob natijasida katoliklar Belgiyasi qirollikdan ajralib chiqdi va o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 2 ta jahon urushlari oralig’ida Niderlandiya iqtisodiy ko‘tarilishlar davrini o‘z boshidan kechirdi. 1940- yili Germaniya tomonidan bosib olingan Gollandiya 1945-yilda ozod qilindi. 1949-yili Niderlandiya Belgiya va Lyuksemburg bilan bojxona shartnomasini imzoladi (Benilyuks), NATO va YI a’zosi.  Niderlandiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan.