Afg‘oniston

Rasmiy nomi — Afg‘oniston Respublikasi. Poytaxti — Kobul. Hududi — 652090 km.kv Aholisi — 32.7 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili doriy (50%), pushtun (35% aholi so‘zlashadi). Dini — islom. Pul birligi — afg‘oni.Geografik joylashuvi va tabiati. Osiyoning janubi g‘arbidagi davlat. Janubda — Pokiston (chegara uzunligi 2430 km), g’arbda — Eron (936 km), shimolda — Tojikiston (1206 km), Turkmaniston (744 km) va O’zbekiston (137 km), sharqda — Xitoy (76 km) bilan chegaradosh. Tog’lar mamlakat hududining 75% ini egallaydi. Asosiy tog‘ tizimi — Hindikush — Afg’onistonning shimoli sharqida joylashgan. Afg‘onistonning eng yuqori nuqtasi — Novshak tog‘i (7475 m). Shimoli va janubi g‘arbida Baqtriya, Registon, Dashti-Margo tekisliklari mavjud. Yirik daryolari — Amudaryo, Hilmand, Herirud, Kobul. Foydali qazilmalari — tabiiy gaz, neft, ko‘mir, mis, oltingugurt, sink, temir rudasi, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar. Haydaladigan yerlar — 12%, yaylov va o‘tloqlar — 46%, o‘rmon va butazorlar — 3%.   Iqlimi — kontinental, subtropik. Mamlakatda cho‘l va chala cho‘l o‘simliklari ko‘p, 1800 metrdan balandlikda ignabargli o‘rmonlar, janubda esa xurmo va sitrus daraxtlari o‘sadi. Yovvoyi hayvonlardan tog‘ echkilari, bo‘rilar, shoqollar, ayiqlar, ohular, tulkilar, yovvoyi mushuklar uchraydi.  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat boshlig‘i — prezident. Davlat 30 viloyatga bo‘lingan. Mustaqillikka 1919-yil 19-avgustda erishgan. Milliy bayramlari: 19-avgust — Mustaqillik kuni, 4-may — Xotira kuni. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali parlament. Asosiy siyosiy partiyalari: Afg‘oniston Islom jamiyati, Afg‘oniston Islom partiyasi va h.k.  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan. Eksportga tabiiy gaz, meva va yong‘oq, qoida to‘qilgan gilamlar, movut, paxta, qorako‘l chiqaziladi. Oziq-ovqat va neft mahsulotlari import qilinadi. Sanoati sust rivojlangan. Qishloq xo‘jaligida natural xo‘jalik hukmronlik qiladi.  Temiryo‘llari uzunligi — 24,6 km; avtomobil yo’llari — 21000 km; asosan Amudaryodan o‘tadigan suv yo‘llari uzunligi 1200 km (500 tonnagacha bo`lgan kemalar suzishi mumkin).   Tarixi. Eron, Xitoy va Hindistonga boradigan yo’llarda joylashgan Afg‘oniston Iskandar Zulqarnayn, hindlar, forsiylar, arablar, mo‘g‘ul-tatarlar, Bobur tomonidan zabt etilgan edi. 1747-yilda Ahmadshoh boshliq dastlabki afg‘on davlati tuziladi. Durroniylar sulolasi 1818-yilgacha, aniqrog‘i, Buyuk Britaniya Afg‘onistonni o‘z nazorati ostiga olgunga qadar hukm­ronlik qilgan. 1919-yilda hokimiyatni egallagan Omonulloxon Sovet Rossiyasi yordamida mustaqilligini e’lon qiladi. 1929-1973-yillarda hokimiyat Nodirshoh sulo­lasi qo‘lida bo‘lgan. 1978-yilgi navbatdagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan Muhammad Taraqqiy Afg‘onistonni demokratik respub­lika deb e’lon qiladi. 1979-yili hokimiyat tepasiga kelgan Babrak Karmalni qo`llash uchun sovet qo’shinlarining «cheklangan kontingenti» mamlakatga kiritiladi. 1986-yilda uning o‘rniga Najibullo keladi. Afg‘on qurollangan muxolifatchilariga qarshi kurashda 15000 sovet askari halok bo‘lgan.   1989-yilda sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqarilgandan keyin ham hukumat va mujohidlar o‘rtasidagi kurash davom etgan. Pokiston yordamida hokimiyat Tolibon islom harakati qo`liga o‘tadi. 2001-2002-yillarda AQSH boshchiligida tolibonlarga qarshi olib borilgan antiterroristik harakat natijasida hokimiyat demokratik fuqarolar hukumati qo’liga o‘tdi.