DAVLAT IMTIHONI
DAVLAT IMTIHONI – O’zbekiston Respublikasida oliy, o’rta maxsus va kasb-hunar o’quv yurtlarida bitiruv imtihoni. Tibbiyot, pedagogika, qishloq xo’jalik institutlari va o’rta maxsus hamda kasbhunar o’quv yurtlari, konservatoriya, madaniyat institutlari, jismoniy tarbiya institut va o’rta maxsus hamda kasb-hunar o’quv yurtlarida bitiruvchilar, odatda, ijtimoiy siyosiy fanlarning biridan va asosiy ixtisoslikka tegishli 2-3 fandan Davlat imtihoni topshiradilar; universitet, iqtisodiyot va teatr oliy o’quv yurtlarini bitiruvchilar ijtimoiy siyosiy fanlarning biridan Davlat imtihoni topshirish bilan birga, diplom ishi himoya qiladilar. Oliy texnika o’quv yurtlarida Davlat imtihoni o’rniga diplom loyihasi, badiiy institutlarda diplom ishi himoya qilinadi. Davlat imtihonini oliy o’quv yurtlarining davlat imtihon komissiyasi hamda o’rta maxsus va kasb-hunar o’quv yurtlarining davlat ixtisos komissiyasi o’tkazadi. Komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi: rais — muayyan ixtisosdagi yirik mutaxassis yoki olim (mazkur o’quv yurtida ishlamaydigan) va komissiya a’zolari — oliy o’quv yurtlarida: rektor yoki prorektor, fakultet dekani yoki uning o’rinbosari, kafedra mudiri, professor va dotsentlar; o’rta maxsus va kasb-hunar o’quv yurtlarida — direktor (direktor o’rinbosari), ixtisoslikka tegishli fanlardan bir necha o’qituvchi. Davlat imtihoniga o’quv rejasining barcha talabini bajargan shaxslar qo’yiladi. Davlat imtihonida qo’yilgan baho komissiyaning yopiq majlisida ko’pchilik ovoz bilan tasdiqlanadi. O’quv yurtini bitiruvchiga tegishli mutaxassislikni berish masalasi Davlat imtihonini topshirish asosida hal qilinadi.