DAVLAT KAPITALIZMI

DAVLAT KAPITALIZMI – davlat (yoki davlatlar birlashmasi) aralashadigan, davlatlashtirilgan, davlat tomonidan boshqariladigan va tartiblanadigan, davlat homiyligi va nazoratida, davlat belgilaydigan yo’nalishlarda rivojlanadigan kapitalizm. Tarixan Davlat kapitalizmini shartli ravishda rivojlangan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi; tarixan muayyan sosialistik mamlakatlarning kapitalizmdan sotsializmga o’tish davridagi Davlat kapitalizmi; hozirgi bir necha sosialistik mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi; postsotsialistik mamlakatlardagi, ya’ni Sharqiy Yevropa va sobiq SSSRda sotsializmning inqirozi natijasida sotsializmdan voz kechgan va bozor iqtisodiga o’tayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi; mustamlakachilik asoratidan ozod bo’lgan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi kabi turlarga ajratish mumkin. Davlat tomonidan iqtisodiyotning boshqarilishi korxonalarni bevosita ro’yxatga olish, faoliyatini yo’naltirish, iqtisodiy Qonunchilik orqali ularning iqtisodiy huquqlarini va faoliyat me’yorlarini belgilab qo’yish, belgilangan tartib-qoidalarning bajarilishi, ularga rioya qilinishini nazorat qilish, rag’batlantirish va jazo choralarini qo’llash, soliqlar, jarimalar va iqtisodiy imtiyoz kabilardan foydalanish, turli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-iqtisodiy dasturlar tuzish, ularni bajarish bo’yicha tadbirlar ko’rish orqali amalga oshiriladi. 18-asr va 19-asrning 70-yillarigacha xorijiy mamlakatlarda yakka xususiy kapital, yollanma mehnat va erkin raqobatga asoslangan sohibkorlik hukmron bo’lib, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi juda past darajada edi. Sohibkorlar faoliyati asosan bozor tomondan boshqarilar edi. Shuning uchun ham bu davr oddiy, sof, erkin rakrbatga asoslangan kapitalizm deb ataladi. Bunday sharoitda Davlat kapitalizmining eng oddiy ko’rinishlari vujudga kela boshlagan edi. U chor mustaqil xo’jaliklarning ishlab chiqarish va tijoratchilik faoliyatini ximoyalash (protektsionizm), nazoratga olish va tartiblash (davlat buyurtmalari berish, tovarlarni markazlashgan tarzda xarid qilish va boshqalar) tarzida ro’y bera boshladi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida korporativ mulkchilik, korporatsiyalar (aktsiyali jamiyatlar) va korporativ xo’jalik yuritish hukmron mavqega ega bo’ldi. Korporatsiyalarning bir qismi monopoliyalarga aylana borib, erkin raqobat bilan bir qatorda monopolistik raqobat paydo bo’ldi. Davlatlararo ziddiyatlar kuchayib, ularda monopoliyalarning kuchi va ahamiyati muhim rol o’ynay boshladi. Bu jarayonlarni tahlil etgan olimlar, kapitalizmning yangi jihatlariga ahamiyat berib, uni imperializm, korporativ kapitalizm, monopolistic kapitalizm deb ham atay boshladilar. 20-asrning 1-yarmida monopoliyalar va monopolistik jarayonlarning ijobiy tomonlari bilan birga, salbiy tomonlari va oqibatlari ham ko’rina boshladi. Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy qarama-qarshiliklar asta-sekin kuchaydi, iqtisodiy inqirozlar ancha tezlashdi va chuqurlashdi hamda davlatlararo ziddiyatlar ham kuchayib 1 – va 2-jahon urushlari yuz berdi. Bularning hammasi davlatning iqtisodiyotga aralashuvini, iqtisodiyotning davlatlashtirilishini, davlat iqtisodiyotining shakllanishini va butun iqtisodiyotning davlat tomonidan umummilliy manfaatlarga muvofiq boshqarilishini va tartiblanishini taqozo eta boshladi. Shu sababli “kapitalistik ishlab chiqarishni davlatlashtirish” tendentsiyasi kuchaydi. Sanoatning muhim tarmoklari davlat qo’liga va nazoratiga o’tdi. Davlatlar iqtisodiyotni hisobga olish va nazorat etish bo’yicha markazlashgan apparatni vujudga keltira boshladi. Ingliz iqtisodchisi J.M. Keyns “Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi” (1936) kitobida davlatning iqtisodiyotni boshqarishi zarurligi to’g’risidagi g’oyani ilgari surdi va asosladi. Bu g’oyaning hayotga ta’siri juda katta bo’ldi. AQShda 30-yillardayoq Prezident Ruzveltning “yangi yo’l” siyosati natijasida, boshqa mamlakatlarda 2-jahon urushi yillarida va undan keyingi davrda kapitalizm Davlat kapitalizmiga aylandi va shundan beri turli ko’rinishlarga ega bo’lgan Davlat kapitalizmi sifatida rivojlanmoqda. Davlat kapitalizmi sharoitida bozorning mavqei, roli o’z ahamiyatini yo’qotmaydi; uzluksiz takomillashib, tobora insoniy va madaniy-ma’rifiy tus olib boradi. Shu bilan birga bozor kapitalistik iqtisodiyotning barcha muammolarini hal eta olmadi va hatto, uning salbiy tomonlari ham namoyon bo’ldi. Shu sabablarga ko’ra kapital va yollanma mehnatga asoslangan iqtisodiyotni bozor, davlat va korporasiyalar o’zaro birgalikda boshqaradi va rivojlantiradi. Davlat bozorni xam, korporatsiyalar faoliyatlarini ham, jahonshumul jarayonlarni ham boshqarish va tartiblashga intiladi. Bularning hammasi rivojlangan mamlakatlarda Davlat kapitalizmi mavjudligidan dalolat beradi. Rivojlangan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi erkin raqobatli kapitalizmga nisbatan katta farqlarga ega. Davlat kapitalizmiga xos bo’lgan tovarli-bozorli aralash iqtisodiyotta davlatning ta’siri miqyosi juda keng va kuchlidir. Davlat kapitalizmining harakatlanishi va rivojlanishida iqtisodiyotga oid Qonunchilik muhim o’rin tutadi. Masalan, mulkiy munosabatlarni, ish beruvchilar va yollanib ishlovchilar o’rtasidagi munosabatlarni, xo’jalik faoliyatini, ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko’rsatish, sog’liqni saqlash, ta’lim kabi sohalar faoliyati, bank ishi, mehnatga haq to’lash, xarajatlar va daromadlarni hisoblash, soliqqa tortish va soliq undirish, bozorda iste’molchi huquqlarini himoyalash kabilarni tartiblash va nazorat qilish hamda monopolistik faoliyatni taqiklash yoki cheklashga qaratilgan qonunlar qabul qilingan va ular takomillashtirilmoqda. Davlat kapitalizmiga xos muhim jarayon — daromadlar va boyliklarni ijtimoiy totuvlikni yaxshilash uchun kam daromadlilar va daromadsizlar, kambag’allar va mulksizlar foydasiga hamda iqtisodiyotni muvozanatli rivojlantirish maqsadlarida qayta taqsimlashdir. Shu sababli davlatlar yalpi ichki maxsulotning anchagina qismini soliqlar vositasida davlat byudjetiga olib, qayta taqsimlaydi, kambag’al, kam ta’minlangan va ta’minlanmagan kishilarga transfert to’lovlari — ijtimoiy ta’minot bo’yicha mablag’lar (nafaqalar, yordam pullari) beradi. Soliqlar orqali olingan davlat daromadlarining bir qismi hisobiga korxonalar qurish hamda xususiy korxonalarni milliylashtirish orqali ishlab chiqarish, transport, energetika kabi sohalarda davlat mulki vujudga keltirildi va rivojlantirildi. Shu bilan birga ba’zi mamlakatlarda davlat mulkini qayta xususiylashtirish yo’li bilan iqtisodiyot samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat ham amalga oshirilmoqda. Eng muhim tarmoklarda va muayyan ko’lamlarda davlat mulkining bo’lishi ob’yektiv zarurdir; undan samarali foydalanish yo’llarining izlanishi va takomillashtirilishi umummilliy ehtiyoj va maqsadlarga muvofiq keladi. Davlat tomonidan qilinadigan bevosita investitsiyalar ijtimoiy ishlab chiqarish va milliy mahsulot tarkiblarini o’zgartirishda davlatning kredit siyosati, davlat tomonidan mahsulot (tovarlar) xarid qilinishi va pullik xizmatlar iste’mol qilinishi, iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish va ta’minlash rivojlangan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmining eng muhim vazifalari va dolzarb muammolari hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlardagi davlatning juda muhim vazifalaridan biri iqtisodiyotni barqarorlashtirish, iqtisodiy-moliyaviy inqirozlarning oldini olish, ulardan chiqish va iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish bo’yicha choratadbirlar ko’rishdir. Davlat boshqa mamlakatlar xo’jaliklari b-n iqtisodiy, savdo va to’lov balanslarini nazorat qiladi, ularni muvofiqlashtirishga va faollashtirishga harakat qiladi. Bularning hammasi milliy iqtisodiyotning barqarorligi, rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi davlatlarning tobora ko’proq inson va butun xalq manfaatdorlgini ko’zlaydigan hamda aholining mutlaq ko’pchiligi qo’llab-quvvatlaydigan davlatlarga aylana borishi, kelajakda bu mamlakatlardagi jamiyatlarning, ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarning umum-demokratik ijtimoiy jamiyatga aylanishi kuzatilmoqda. Yevrosiyodagi sobiq SSSR, Markaziy va Sharqiy Yevropada tarixan mavjud bo’lgan sotsialistik mamlakatlar, Osiyodagi sobiq Mo’g’ulistonda kapitalizmdan sosializmga o’tish davrida hal qiluvchi tarmoklardagi ishlab chiqarish, transport va mehnat vositalari sosialistik davlat mulkiga aylantirilgan bo’lib, Davlat kapitalizmi, alohida uklad, xo’jalik shakli tarzida mavjud edi. Boshqa sotsialistik mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi xo’jaliklari birmuncha kengroq iqtisodiy erkinlikka ega bo’lgan edi. Biroq sotsialistik xo’jalik mustahkamlanib olgandan keyin ularning deyarli hammasida Davlat kapitalizmiga barham berildi. Bunday hol Sharqiy Yevropada va SSSRda sotsializmning qulashigacha davom etdi. Hozirgi davrda o’zini sotsialistik hisoblab kelayotgan mamlakatlar — Xitoy Xalq Respublikasi, Vetnam sotsialistik Respublikasi, Koreya Xalq demokratik Respublikasi va Kuba Respublikasida iqtisodiyot asosan umumlashgan mulkchilikka, markazdan boshqarishga va rejalashtirishga asoslangan iqtisodiyot bo’lib qolmoqda. Biroq ularning ba’zilari (Xitoy, Vetnam) da jiddiy iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda, bozor iqtisodiyotini ham shakllantirish siyosati o’tkazilmoqda; mamlakat iqtisodiyotida, ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarda, davlat nazoratida xususiy va xorijiy kapital faoliyatiga, kapital, yollanma mehnat munosabatlariga erkinlik berilmoqda. Natijada ularda Davlat kapitalizmining ko’lami va iqtisodiy hayotga ta’siri o’smoqda. Bozor iqtisodga o’tayotgan sobiq sotsialistik mamlakatlarga xorijiy tovarlar va kapitallar juda erkin, tez kirib kelmoqda, ba’zi tarmoqlarda va bozorlarda katta hukmron mavqelarga ega bo’lmoqda. Qozog’istonda ham qator muhim zavodlar, fabrikalar, konlar, yerlar xorijiy kapital mulkiga aylanib ketdi; qo’shma korxonalar ancha ko’paydi. Mustaqillikka erishib sotsializmdan voz kechgan sobiq sotsialistik davlatlarning ba’zilari, masalan, O’zbekistan mustaqil taraqqiyotning o’ziga xos yo’lini tanlab oldi. O’zbekistonda ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish yo’li, bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich tarzda shakllantirish yo’li tanlandi. Davlat bosh islohotchi sifatida umuminsoniy va milliy qadriyatlarga asoslangan tamoman yangi umumdemokratik jamiyat qurish siyosatini izchillik bilan amalga oshirmoqda, ko’p ukladli va bozor xo’jaligi tizimini shakllantirish uchun zarur barcha chora-tadbirlarni ko’rmoqda. Natijada xorijiy kapital ishtirokidagi qo’shma korxonalar, savdo tashkilotlari, banklar va hokazolar shakllandi, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning vakolatxonalari ochildi. Pirovardida O’zbekistonda o’ziga xos Davlat kapitalizmi ukladi vujudga keldi. Kam rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi milliy davlat tomonidan himoyalanib, faoliyati tartiblanib turadigan milliy kapitalizmdan hamda milliy davlat belgilagan shartsharoitlarda yoki davlatlararo kelishuvlarga asoslanib kontsessiyalar olish, o’z korxonalarini qurish va qo’shma korxonalarda ishtirok etish yo’li bilan milliy iqtisodiyotga kirib kelgan xorijiy kapital va qo’shma kapitalga asoslangan tizimdir. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmining asosiy va bosh maqsadi — milliy iqtisodiyotni yuksaltirish. Rivojlanayotgan mamlakatlar davlatlari faoliyati, ularning ichki va tashqi siyosati Davlat kapitalizmini tez rivojlantirishga qaratilgan; bunga erishmoq uchun xorijiy kapitaldan va xalqaro iqtisodiy munosabatlardan kengroq foydalanishga harakat qilmoqdalar. Rivojlangan davlatlar va transmilliy korporatsiyalar kam rivojlanayotgan mamlakatlarni xom ashyo bazasi sifatida saqlab qolishga intilmoqda, xom ashyoni qayta ishlash bilan bog’liq iflos va sermehnat ishlab chiqarishni nisbatan past ish haqi to’lab, xuddi shu kam rivojlangan mamlakatlarga joylashtirishga urinmoqdalar. Erlis Aliqulov.