Sent-Lyusiya
Rasmiy nomi Sent-Lyusiya. Poytaxti — Kastri. Hududi — 616 km’. Aholisi – 200 ming kishidan ortiq (2012). Davlat tili — ingliz. Dini — katolik. Pul birligi — sharqiy Karib dollari. Geografik joylashuvi va tabiati. Karib dengizining janubi sharqiy qismidagi Sent-Lyusiya orolida (Shamolli orollar) joylashgan davlat. Qirg’oq bo‘ylab chegara uzunligi — 158 km. Vulqondan paydo bo‘lgan orol. Shimoldan janubga tomon o’rmon bilan qoplangan tog’lar halqasi cho‘zilgan. Mamlakatning eng baland nuqtasi — Jimi (950 m). Orolda bir nechta keng, hosildor vodiylar bor. Asosiy tabiiy boyligi — yog’och. Iqlimi — tropik, mo’tadil. O’simlik olami juda boy, bu yerda daraxtlarning qimmatli turlari va ko’plab orxideyaga ega bo’lgan nam tropik o‘rmonlar saqlanib qolgan. Hayvonot olami asosan qushlardan iborat. Qirg’oqqa yaqin dengiz suvlari baliq, qisqichbaqasimonlar va maijonlarga boy. Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitutsion monarxiya, Britaniya hamdo‘stligi a’zosi. Mamlakat 1979-yilning 22-fevralida mustaqillik olgan (oldin Buyuk Britaniya mustamlakasi). Milliy bayrami — 13 dekabr — Millat kuni. Qonunchilik ingliz umumiy huquqiga asoslangan. Davlat boshlig‘i — Britaniya monarxi (ayni paytda qirolicha Yelizaveta II), uning vakolatini general-gubernator bajaradi. Ijroiya hokimiyati Vazirlar Mahkamasiga tegishli. Qonunchilik hokimiyati Senat (yuqori palata) va Majlis palatasi (quyi palata)dan iborat ikki palatali parlament tomonidan amalga oshiriladi. Eng yirik siyosiy partiyalari: Birlashgan ishchilar partiyasi, Progressiv leyboristlar partiyasi (PLP), Leyboristlar taraqqiyot partiyasi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodiyotining rivoji asosan qishloq xo‘jaligi va turizm sohasida kuzatiladi. Mehnatga layoqatli aholining 43% i band bo‘lgan qishloq xo’jaligi YIMning 16% ini tashkil etadi. Banan va kokos yong‘oqlari eng muhim eksport mahsulotlaridan hisoblanadi. Sanoat tarmoqlari orasida eng rivojlanganlari — to’qimachilik va oziq-ovqat sanoati. Eng muhim hamkorlari: Buyuk Britaniya, AQSH, Karib havzasi mamlakatlari. Avtomobil yo`llarining umumiy uzunligi — 760 km. Porti-Kastri. Tarixi. 1502-yili Kolumb ochgan Sent-Lyusiya oroli 1635-yili fransuz mustamlakasi bo’lib qoldi. XII asrda orol navbati bilan fransuzlar qo’lidan inglizlar qo‘liga o‘tib yurdi, ammo 1814-yili Sent-Lyusiya butunlay Buyuk Britaniya qoliga o’tdi. 1958-1967-yillarda Sent-Lyusiya Vest-Indiya Federatsiyasiga kirdi, 1979-yilning fevralida esa mustaqil davlat deb e’lon qilindi.